Bokudan munosabat: Koreya bilan hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochadi
Sentabr 17, 2026. 08:10 • 2 daq
• 117
BOKU, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti, iqtisodiyot fanlari nomzodi Emin G‘aribli “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 13–16-sentabr kunlari Janubiy Koreyaga amalga oshirgan davlat tashrifi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishi o‘zgardi: eʼtibor alohida savdo shartnomalaridan uzoq muddatli investitsiyalar, texnologik hamkorlik, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va mamlakatni global zanjirlarga qo‘shishga qaratilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Koreya Respublikasiga tashrif iqtisodiyotni kengaytirishda alohida rol o‘ynaydi. O‘zbekiston uchun Janubiy Koreyaning investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar, sanoat kompetensiyalari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va malakali kadrlar tayyorlash borasidagi tajribasi muhimdir.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Janubiy Koreya kapitali ishtirokida 700 taga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi esa 8 milliard dollardan oshdi.
Fikrimcha, navbatdagi bosqich O‘zbekistonda yuqori texnologiyali qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini tashkil etish bilan bog‘liq bo‘ladi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt, elektronika, mashinasozlik, “yashil” energetika, kimyo sanoati va zamonaviy infratuzilma istiqbolli soha sanaladi.
Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirish, malakali ish o‘rinlarini yaratish va O‘zbekiston korxonalarini global ishlab chiqarish zanjirlariga bosqichma-bosqich kiritish imkonini beradi.
Davlat rahbarlari darajasidagi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitining o‘tkazilishi tashrifga alohida ahamiyat bag‘ishlaydi. Formatning oliy siyosiy darajaga ko‘tarilishi uzoq muddatli strategik sheriklik uchun zamin yaratadi.
85 milliondan ortiq aholiga, salmoqli resurslarga va o‘sib borayotgan transport o‘zaro bog‘liqligiga ega Markaziy Osiyo Janubiy Koreya uchun istiqbolli iqtisodiy makonga aylanmoqda.
Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifiga nafaqat O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlarining muhim bosqichi, balki butun Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyat yaratadigan voqea sifatida qarash lozim.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi