Rotterdam shahrida O‘zbekiston–Niderlandiya o‘yinini vatandoshlar birgalikda tomosha qildi
Iyun 10, 2026. 08:55 • 2 daq
• 107ROTTERDAM, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. Elchixona tashabbusi bilan Rotterdam shahrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Niderlandiya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvni vatandoshlar birgalikda tomosha qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda hamyurtlar mamlakatimizning so‘nggi yillarda sport olamidagi yutuqlari, jahon futbolida tobora kuchayib borayotgan o‘rni va obro‘si, sport diplomatiyasining ahamiyati haqida fikr-mulohaza almashdi.
Shu bilan birga, bunday uchrashuvlar nafaqat milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash, balki xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar o‘rtasidagi hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, Vatanga bo‘lgan mehr va sadoqat tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar uchun milliy an’analarimiz va mehmondo‘stligimizni o‘zida mujassam etgan dasturxon yozildi. Samimiy muhit, do‘stona muloqot va ko‘tarinki kayfiyat tadbirga o‘ziga xos fayz bag‘ishladi.
Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ikkita muhim o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Ilk o‘yinda vakillarimiz Kanadaga qarshi top surdi. 2-iyun kuni Edmontondagi “Commonwealth” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2:0 hisobida mezbonlar foydasiga yakunlandi. O‘yin shiddatli yomg‘ir ostida kechdi, bu esa futbolchilarning maydondagi harakatlariga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatdi.
Terma jamoamizning ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvi 8-iyun kuni Nyu-Yorkdagi “Icahn” stadionida Niderlandiya qarshi bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvda ham yurtdoshlarimiz 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Mag‘lubiyatlarga qaramay, jahon chempionati oldidan o‘tkazilgan mazkur ikki o‘rtoqlik o‘yini terma jamoamiz uchun muhim tajriba maydoni bo‘ldi.
Vatandoshlar bunday uchrashuvlar nafaqat sport, balki madaniy va diplomatik aloqalarni mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutishi, xorijdagi hamyurtlarni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



