“Tatar-inform” AA: O‘zbekiston Yevroosiyo logistika tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda

Iyun 10, 2026. 09:30 • 2 daq

85
“Tatar-inform” AA: O‘zbekiston Yevroosiyo logistika tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda

QOZON, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Tatar-inform” axborot agentligi Yevroosiyodagi yangi transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirishda O‘zbekiston va Rossiya hamkorligining ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, jahon logistika tizimida kechayotgan o‘zgarishlar sharoitida transport bog‘liqligini ta’minlash barqaror iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Mualliflar fikricha, O‘zbekiston va Rossiya Yevroosiyo transport yo‘nalishlarining shakllanayotgan tizimida muhim o‘rin tutadi.

Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi transport sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlangan. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi yuk tashish hajmi 18,2 million tonnani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 13,6 foizga oshgan.

Shuningdek, temir yo‘l, avtomobil va havo transporti sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar hamda yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, “Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” multimodal marshruti Yevroosiyo makonida transport o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi istiqbolli yo‘nalish sifatida baholangan.

Nashrning yozishicha, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi sheriklikning izchil rivojlanishi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xalqaro tranzit imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish