O‘zbekiston va Buyuk Britaniya muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Dekabr 10, 2025. 19:37 • 2 daq
• 219
LONDON, 11-dekabr. /“Dunyo” AA/. “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ boshqaruv raisi Farhod Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya “London konchilik haftaligi”da ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida vakillarimiz “Resourcing Tomorrow – 2025” forumida (90 ta davlatdan 2 mingdan ortiq ishtirokchi) milliy stend bilan qatnashdi. O‘zbekistonning boy kritik metallar portfeli, geologik salohiyati namoyish etildi.
TMK vakillari dunyodagi geologiya va mineral resurslar sohasidagi nufuzli taʼlim markazlaridan biri “Kamborn” konchilik maktabiga tashrif buyurdi. Texnologik metallar oliy maktabida Britaniya taʼlim standartlarini joriy etish hamda qo‘shma magistratura dasturlarini ishlab chiqish, talaba va professorlar almashinuvini amalga oshirish, zamonaviy laboratoriya tajribasini O‘zbekistonga transfer qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Britaniyadagi yetakchi injenering va mineral resurslarga ixtisoslashgan kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Dastlab “SLR Consulting Limited” faoliyati o‘rganilib, gidrometallurgiya va mineral qayta ishlash jarayonlarida qo‘llaniladigan ilg‘or muhandislik yechimlari muhokama qilindi.
Global miqyosdagi nufuzli injenerlik markazlaridan biri - “Paterson & Cooke” kompaniyasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda texnologiya, mineral qayta ishlash va texnik hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muloqot olib borildi.
Shu bilan birgalikda, vakillarimiz Konvoll mintaqasidagi qazilma resurslar ekotizimini birlashtiruvchi “Cornwall Mining and Geo-Resources Alliance” hamda materialshunoslik va mineralogiya bo‘yicha yuqori aniqlikdagi tahlillarni amalga oshiruvchi “Petrolab UK” laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati bosh ofisi Londonda joylashgan Xalqaro Litiy Assotsiatsiyasiga aʼzo bo‘ldi. Bu 70 dan ortiq dunyo litiy sanoatining yetakchi kompaniyalarini birlashtirgan nufuzli tashkilot bo‘lib, uning aʼzolari tomonidan ishlab chiqariladigan litiy hajmi jahon bozorining 85 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonning ushbu assotsiatsiyaga qo‘shilishi global litiy gigantlari bilan bevosita hamkorlik qilish imkoniyatini yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi