Toshkentda “Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi” sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yuqori mansabdor shaxslarning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Iyun 16, 2026. 22:45 • 2 daq
• 126SЕUL, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” davlat rahbarlarining birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yuqori mansabdor shaxslarning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov boshchilik qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar bo‘lajak sammitga tayyorgarlik jarayonini ko‘rib chiqdi, yakuniy hujjatlar loyihalari yuzasidan fikr almashdi hamda Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar kelgusida ham yaqin muvofiqlashuvga sodiq ekanliklarini tasdiqlab, ko‘p tomonlama sheriklik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlashi ko‘zda tutilgan “Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi” mamlakatlari davlat rahbarlarining tarixdagi ilk sammiti kun tartibini mazmunan boyitish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatidagi tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasidagi birinchi yig‘ilish 2026-yil 10-aprel kuni Seul shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
“Dunyo” AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

