BAAning yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonda sanitariya mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Iyun 15, 2026. 09:30 • 2 daq

10
BAAning yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonda sanitariya mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

ABU-DABI, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz diplomatlari tomonidan BAAning sanoat sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan “RAK Ceramics” bosh direktori Abdulloh Massad bilan muzokara o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekistonda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, ichki bozor uchun yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, tizimga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Amirliklar vakillariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay imtiyoz va shart-sharoitlar hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasining mavjud xomashyo salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

“RAK Ceramics” bosh direktori Abdulloh Massad O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganini, ayniqsa, qurilish va infratuzilma sohalaridagi keng ko‘lamli loyihalar xorij sarmoyadorlari uchun mamlakat bozorining jozibadorligini sezilarli darajada oshirayotganini alohida ta’kidladi. 

Uchrashuv davomida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va istiqbolli loyiha shartlarini qo‘shimcha ravishda chuqur ishlab chiqish hamda o‘zaro aloqalarni izchil davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

1989-yilda Ras Al-Xayma amirligida tashkil etilgan “RAK Ceramics” dunyodagi eng yirik keramika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya keramika plitkalari, sanitariya-texnika buyumlari hamda chinni idishlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, jahonning 150 dan ortiq mamlakatlarida o‘z faoliyatini yuritadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish