Atlanta meri: Shahrimizda O‘zbekiston terma jamoasi va o‘zbek muxlislari uchun barcha sharoit yaratiladi

Iyun 15, 2026. 10:00 • 2 daq

43
Atlanta meri: Shahrimizda O‘zbekiston terma jamoasi va o‘zbek muxlislari uchun barcha sharoit yaratiladi

VASHINGTON, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasiga Atlanta shahri meri Andre Dikkens nomidan tabrik xati kelib tushdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu maktubda Atlanta shahri meri O‘zbekiston elchixonasi diplomatlariga o‘zining samimiy tilaklarini yo‘llagan.

“ FIFA-2026 Jahon chempionati doirasida Atlanta shahriga tashrif buyuradigan o‘zbekistonlik muxlislar, mehmonlar va rasmiy delegatsiyalarni qutlashdan mamnunman. O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlaridan birini Atlantada o‘tkazishi haqidagi xabarni katta hayajon va mamnuniyat bilan qarshi oldik hamda milliy jamoangiz va uning ko‘plab ishqibozlarini shahrimizda kutib olishni intizorlik bilan kutmoqdamiz”, deyilgan xatda.

Shuningdek, Andre Dikkensning ta’kidlashicha, Atlanta uchun ushbu tarixiy jahon sport anjumaniga mezbonlik qiluvchi shaharlardan biri bo‘lish katta sharafdir. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan turfa madaniyat va millat vakillari tomonidan shakllangan shahar ochiqlik, inklyuzivlik va xilma-xillik tamoyillariga doimo sodiqdir.

Jahon chempionati nafaqat sport yutuqlarini, balki Atlanta singari shaharlarda yuksak qadrlanadigan madaniy boylik, insoniy rishtalar qudrati va xalqaro hamkorlikni namoyon etish uchun ham noyob imkoniyat yaratadi.

“Ma’muriyatim barcha mehmonlarning shahrimizga tashrifi xavfsiz, mazmunli va unutilmas bo‘lishini ta’minlash uchun bor kuch-g‘ayratini ishga soladi. Biz mehmonlarga Atlantaning an’anaviy mehmondo‘stligi, boy madaniy hayoti va xalqaro muhitini namoyish etishdan mamnun bo‘lamiz. Ushbu o‘zgacha davrda elchixonangiz va tashrif buyuradigan delegatsiyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini mamnuniyat bilan qabul qilamiz”, deya fikr bildirgan shahar meri o‘z maktubida.

Shu bilan birga, xatga shaharda bo‘lib o‘tadigan tadbirlar ro‘yxati ilova qilingan.

“Turnir davomida Atlantada bo‘ladigan delegatsiya a’zolari, hamkasblaringiz va muxlislar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli madaniy, ijtimoiy va muxlislik tadbirlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Chempionatga tayyorgarlikning keyingi bosqichlarida barcha masalalar yuzasidan mer boshqarmasining Xalqaro ishlar va immigrantlar masalalari bo‘yicha ijrochi direktori Paulina Guzmanga paguzman@atlantaga.gov elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingizni so‘rayman”, deya Atlanta shahri meri o‘z maktubini yakunlagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA Jahon chempionati o‘tkaziladigan davrda AQSHning Atlanta aglomeratsiyasida joylashishga qaror qilgan edi. Jamoa Marietta shahridagi “Atlanta United” klubining o‘quv-mashg‘ulot majmuasida joylashgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish