Donald Trampning bayonotidan so‘ng AQSH va Eron o‘zaro zarba almashishda davom etmoqda

Iyul 13, 2026. 12:30 • 3 daq

14
Donald Trampning bayonotidan so‘ng AQSH va Eron o‘zaro zarba almashishda davom etmoqda
“Reuters” agentligi surati

VASHINGTON-TEHRON, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Donald Trampning AQSH va Eron muzokaralarni davom ettirishi haqidagi bayonotlariga qaramay, tomonlar o‘zaro zarbalar almashishni davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 12 iyul kuni kechqurun Eronga qarshi yangi zarbalar seriyasini boshlaganini maʼlum qildi. Amerika tomonining maʼlumotlariga ko‘ra, operatsiyadan ko‘zlangan maqsad Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi fuqarolik kemalari va tijoriy kema qatnoviga hujum qilish imkoniyatlarini yana-da pasaytirish bo‘lgan.

Keyinroq, CENTCOM o‘nlab harbiy obyektlar, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, qirg‘oqbo‘yi radiolokatsiya stansiyalari, raketa va uchuvchisiz apparatlar majmualari nishonga olinganini bildirdi. Qo‘mondonlik Eronning bo‘g‘ozni yopish haqidagi bayonotlariga qaramay, Amerika kuchlari kema qatnovi erkinligini taʼminlashga tayyorligini bildirdi.

Eron davlat OAVlari Sirik, Bandar-Abbos, Jask tumanlari va Qeshm orolida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar berdi. “IRNA” axborot agentligining xabariga ko‘ra, AQSH zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi yaralangan.

AQSHning yangi zarbalaridan so‘ng Islom inqilobi posbonlari korpusi Quvayt, Bahrayn va Iordaniyadagi Amerika harbiy obyektlariga zarbalar berilganini eʼlon qildi. Avvalroq, Eron Qatar, Ummon va BAAdagi AQSH obyektlariga ham hujum qilgan edi.

Iordaniya harbiylari Eronning bir nechta raketasini urib tushirganini maʼlum qildi. Quvayt o‘z qurolli kuchlari havo tahdidlarini qaytarganini, Bahrayn havo nishonlari tutib olinganini, BAA esa raketa va dronlar hujumi qaytarilganini xabar qildi.

Bu keskinlashuv AQSH avvalroq Eronning 140 ga yaqin harbiy obyektiga hujum qilganidan keyingi o‘zaro zarbalar almashinuvining davomi bo‘ldi. CENTCOM maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida Amerika kuchlari Erondagi 300 dan ortiq harbiy nishonga zarba bergan.

Jangovar harakatlarning yangi to‘lqini Vashington va Tehron o‘rtasida iyun oyida imzolangan vaqtinchalik kelishuvning amal qilishini xavf ostiga qo‘ydi. Hujjatda jangovar harakatlarni to‘xtatish, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini tiklash va keyingi muzokaralarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi.

O‘tgan hafta Donald Tramp sulh amalda bekor qilingan deb hisoblashini, biroq muzokaralar davom etishini qayd etgandi. Kecha u so‘nggi zarbalarni sharhlar ekan: “Biz ularga jiddiy zarba beryapmiz”, – dedi.

Eron, o‘z navbatida, AQSHni diplomatik saʼy-harakatlarni barbod qilganlikda aybladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga ko‘ra, AQSHning so‘nggi hujumlari mintaqada keskinlikni pasaytirish va tinchlikka erishish yo‘lidagi ko‘p oylik urinishlarni puchga chiqargan.

Shuningdek, Tehronning maʼlum qilishicha, Ummon bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini boshqarish masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar samarasiz yakunlangan. Eronning daʼvo qilishicha, bunga AQSH tomonidan bo‘lgan bosim sabab bo‘lgan.

Ayni vaqtda tomonlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat yuzasidan bir-biriga zid bayonotlar berishda davom etmoqda. Eron bo‘g‘oz keyingi xabarnomaga qadar yopiqligicha qolishini daʼvo qilayotgan bir paytda, AQSH kemalar harakati davom etayotganini va Amerika kuchlari navigatsiya erkinligini taʼminlayotganini bildirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish