Sharqiy Osiyoda vayronagarchiliklarga olib kelgan supertayfun Filippinda kamida 15 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Iyul 11, 2026. 14:30 • 2 daq

255
Sharqiy Osiyoda vayronagarchiliklarga olib kelgan supertayfun Filippinda kamida 15 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

MANILA, 11-iyul. /“Dunyo” AA/. So‘nggi o‘n yilliklardagi eng kuchli bo‘ronlardan biri - “Bavi” to‘foni Filippin janubida kamida 15 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC” nashriga tayanib.

Jadallab yoqqan yomg‘irlar oqibatida yuzaga kelgan ko‘chkilar bir nechta oilani tuproq ostida qoldirgan, qutqaruvchilar bedarak yo‘qolgan o‘nlab insonlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.

Kengligi qariyb 1000 kilometrni tashkil etgan ushbu to‘fon Tayvan oroli, Yaponiya va Xitoy hududlariga ham kuchli yog‘ingarchilik olib keldi. Tayvan rasmiylari baʼzi joylarda 1 metrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishidan ogohlantirdi va qutqaruv ishlariga 29 mingga yaqin harbiy xizmatchini shay holatga keltirdi.

Tayfun sababli mintaqada yuzlab aviareyslar bekor qilindi, maktablarda darslar to‘xtatildi, aholi esa oziq-ovqat va zarur mahsulotlarni g‘amlashni boshladi.

Xitoy hukumati to‘fon mamlakatning janubi-sharqiy qirg‘oqlariga yopirilganidan keyin jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, “Bavi”ning hajmi va quvvati juda katta bo‘lganligi sababli, u shimoliy hududlarga ham taʼsir ko‘rsatishi mumkin.

Bundan oldin Xitoy janubi “Meysak” tayfunidan jabr ko‘rgan edi. Ushbu ofat kamida 39 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 130 mingdan ortiq aholini evakuatsiya qilishga majbur etgan va qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazgan edi.

O‘shanda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Guansi-Chjuan muxtor vaziyatida yuz bergan tabiiy ofatlar hamda Fuszyan provinsiyasidagi kuchli yong‘in oqibatida 28 kishining halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan hamdardlik bildirgan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish