O‘zbekiston va Xorvatiya TIV rahbarlari ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini imzoladilar
Iyun 26, 2026. 21:30 • 2 daq
• 7
TOSHKENT, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. Rasmiy tashrif bilan Zagrebga borgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xorvatiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Gordan Grlich Radman bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Xorvatiyaga rasmiy tashrif bilan taklif etgan hamkasbim, Xorvatiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Gordan Grlich Radman janoblari bilan mazmunli muzokaralar o‘tkazdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Tor va keng doirada bo‘lib o‘tgan muzokaralarimiz davomida O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, energetika, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashdik.
Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini yo‘lga qo‘yish, shartnomaviy-huquqiy bazani yanada mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish muhimligini qayd etdik.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Xorvatiya Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini imzoladik.
Mazkur hujjat tashqi siyosiy idoralar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada tizimli rivojlantirishga xizmat qiladi”.
“Dunyo” AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi