Pokiston OAV: O‘zbekiston jahon iqtisodiy maydonida muhim ishtirokchiga aylandi
Iyun 27, 2026. 12:00 • 3 daq
• 12ISLOMOBOD, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy ommaviy axborot vositalari shu yilning 16–18-iyun kunilari bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlarini keng yoritishda davom etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, ushbu mamlakatning markaziy «Associated Press of Pakistan», «Minute Mirror» va «Times International News Service» axborot agentliklari, «Daily Big Digit» gazetasi, «Daily Sapeher Times», «Urdu Times Digital» va «PRCCSF» onlayn nashrlarida «TXIF-2026: O‘zbekistonning jahon investitsiya xaritasidagi mustahkamlanayotgan o‘rnini namoyon etdi» sarlavhali maqolalar e’lon qilindi.
«Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyodagi yetakchi xalqaro investitsiya platformasidir. Besh yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur forum jahon yetakchilari, davlat amaldorlari, investorlar, yirik biznes vakillari, xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari hamda siyosat shakllantiruvchilarni bir maydonda jamlaydi. Uning asosiy maqsadi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonning mintaqaviy biznes markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashdan iborat», – deyilgan nashrlarda.
Shuningdek, materiallarda forum xalqaro investorlarga dunyoning eng jadal rivojlanayotgan bozorlaridan biri bilan yaqindan tanishish imkonini yaratishi urg‘ulangan.
Ma’lum qilinganidek, joriy yilning 16–18-iyun kunlari o‘tkazilgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi «Investitsiya barqarorligi: yangi ufqlar, yangi sherikliklar» bosh mavzusida tashkil etildi. Tadbirda dunyoning qariyb 100 ta mamlakatidan 7600 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Maqolada yozilishicha, avvalgi forumlar asosan «O‘zbekistonga investitsiya kiriting» degan chaqiriqni ilgari surgan bo‘lsa, TXIF-2026 «Investitsiyalaringizni himoya qiladigan va qo‘llab-quvvatlaydigan institutsional asoslar yaratildi» degan mazmundagi yangi yondashuvni namoyon etdi. Bu g‘oya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forumning ochilish marosimida nutqida ham yaqqol aks etdi.
«Davlat Rahbari investorlar uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlash, kapital bozorlari va moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqlarga investitsiyalar jalb qilish, «yashil» energetika va sun’iy intellektni rivojlantirish, transport va logistika aloqadorligini kuchaytirish, hududiy rivojlanish, urbanizatsiya, turizm va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash kabi olti ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi», – deb ta’kidlangan Pokiston OAV.
Geoiqtisodiy raqobat kuchayib borayotgan bugungi davrda beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqiqiy muvaffaqiyat tarixi sifatida namoyon bo‘ldi. Forum oddiy biznes anjumani yoki milliy investitsiya konferensiyasidan ancha keng ma’no kasb etdi.
Bu muvaffaqiyatning zamirida O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyevning samarali va uzoqni ko‘zlagan rahbarligi yotadi. Davlat Rahbari O‘zbekistonni tashqi dunyo uchun ochish jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynadi. U lavozimga kirishganidan buyon iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, davlat institutlarini mustahkamlash, boshqaruv samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan islohotlarni izchil ilgari surib kelmoqda. Ana shu sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston jahon iqtisodiy maydonida muhim ishtirokchiga aylanib, Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalardan investorlarni faol jalb etmoqda.
«Qisqacha aytganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati konferensiya zallari va biznes uchrashuvlari doirasidan ancha kengdir. Forum O‘zbekistonni endi faqat ulkan salohiyatga ega mamlakat sifatida emas, balki amaliy natijalarga erishayotgan davlat sifatida qabul qilish vaqti kelganini ko‘rsatdi», – deb yozilgan maqolalarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


