Logo

“Star” gazetasi: O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi butun islom olami uchun quvonchli voqeaga aylandi

Yanvar 21, 2026. 09:50 • 5 daq

44
“Star” gazetasi: O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi butun islom olami uchun quvonchli voqeaga aylandi

ANQARA, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning nufuzli “Star” gazetasida O‘zbekistonning TURKSOYdagi vakili Shavkat Ortiqovning “Yangi O‘zbekistonning yuksalib borayotgan ufqi” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Prezident boshchiligida madaniy-maʼrifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar, madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda ulkan va noyob loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi butun islom olami uchun quvonchli voqea bo‘ldi.

O‘zbekistonda taʼlim, madaniyat, ilm-fan, sanʼat va yoshlarni tarbiyalash sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” iborasi bugungi kunda mamlakatda eng ko‘p qo‘llaniladigan tushunchalardan biriga aylandi.

2016-yilda Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti sifatida faoliyat boshlashi bilan mamlakatda nafaqat siyosiy o‘zgarish yuz berdi, balki xalq va davlat o‘rtasidagi munosabatlar va madaniy muhitda ham tub burilish davri boshlandi.

Bu jarayonda O‘zbekistonning Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va barcha turkiy davlatlar bilan aloqalari ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi.

Dunyoda iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlar ko‘p. Lekin ularning hammasida ham maʼnaviyat, axloq va madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashga birdek ustuvor ahamiyat qaratilmaydi. O‘zbekiston esa taraqqiyotga erishishda nafaqat iqtisodiy islohotlar, balki madaniy va maʼnaviy yuksalish ham juda muhim ekanligini chuqur anglaydi.

Shu bois ham taʼlim, madaniyat, fan, sanʼat va yoshlarlarni tarbiyalash sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” iborasi esa bugungi kunda mamlakatda eng ko‘p qo‘llaniladigan tushunchalardan biriga aylandi.

“Star” gazetasida taʼkidlanishicha, tarixda O‘zbekiston zaminida ikki buyuk Uyg‘onish davriga (Birinchi va Ikkinchi Renessansga) asos solingan. Bu yerdan yetishib chiqqan Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Muin Nasafiy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va Bobur kabi allomalar insoniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk shaxslar hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi qaroriga asosan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi megaloyiha sifatida dunyoga keldi. Ushbu Markaz madaniy merosni asrash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy madaniy-maʼrifiy markazlarni rivojlantirishda muhim qadam o‘laroq tarixga kirdi.

O‘tgan sakkiz yil davomida bu yerda ulkan hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Davlat rahbari shu paytga qadar Markazga jami o‘n marta shaxsan tashrif buyurdi va uning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o‘ndan ortiq Farmon, qaror va boshqa meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.

“Markaz binosining uzunligi 161 metr, kengligi 118 metr bo‘lib, uch qavatdan iborat. U qadimiy meʼmorchilik anʼanalari va milliy naqshlar uyg‘unligida loyihalashtirilgan. To‘rt tomonida balandligi 34 metr bo‘lgan ayvonlar, markazida esa 65 metr balandlikdagi mahobatli gumbaz qad rostlagan. Markazning yuragida “Qurʼoni Karim zali” joylashgan bo‘lib, u yerda musulmon dunyosining eng qimmatli maʼnaviy xazinalaridan biri — qadimiy Usmon Musʼhafi namoyish etiladi. Shu bilan birga, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar davriga oid muqaddas kitob nusxalari, chig‘atoy tilidagi tarjimalar va nodir Qurʼon qo‘lyozmalari ham o‘rin oladi”, deya maʼlumot keltirilgan gazetada.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyo muzeylari va kolleksiyalarida saqlanayotgan tarixiy merosini aniqlash, o‘rganish va qaytarish bo‘yicha yirik dasturni amalga oshirmoqda. Mamlakat mutaxassislaridan iborat delegatsiya Saudiya Arabistoni, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Shveysariya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Malayziya, Pokiston, Kuvayt kabi davlatlardagi yuzdan ortiq kutubxona, muzey va madaniy markazlarda bo‘lib, O‘zbekistonga tegishli asarlarni aniqladi. Buyuk Britaniyadagi “Sotheby‘s”, “Christie‘s” auksion uylari, shaxsiy kolleksiyalar, galereyalar va art-dilerlardan 580 dan ortiq tarixiy buyum sotib olindi. Ushbu bebaho artefaktlarni yurtimizga qaytarish uchun O‘zbekiston Hukumati tomonidan katta mablag‘ ajratildi.

Binobarin, bugun Markaz ekspozitsiyasini Britaniya kolleksiyalaridan sotib olingan so‘g‘d to‘qimachilik mahsulotlari bezab turibdi. Ushbu 25 ta nodir eksponat o‘z qimmati va qamroviga ko‘ra, jahondagi eng yirik so‘g‘d matolari kolleksiyasi hisoblanadi.

2025-yilning may oyida “Christie‘s” auksionida savdoga chiqarilgan Saljuqiylar davriga oid 35 ta bejirim zargarlik namunasi ham O‘zbekistonga qaytarib olib kelindi. Shuningdek, Amir Temur va Temuriylar davriga oid asarlar dunyo antikvariat bozorida benihoya qadrlanadi. Masalan, “Christie‘s” auksionida Shohrux Mirzo davriga oid “Meʼrojnoma” asarining atigi bir sahifasi juda katta mablag‘ evaziga sotildi.

Shuningdek, Amir Temurning buyrug‘i bilan ko‘chirilgan ulkan Qurʼon nusxasining bir qismi, Temuriylar davriga oid chopon, Ibn Sinoning “Kitob ush-shifo” asari, Boburiylar davriga oid hujjatlar va miniatyuralar mamlakatga qaytarildi. Prezidentimiz topshirig‘i bilan Boburiylar davriga oid ikkita Qurʼon qo‘lyozmasi, Jaloliddin Rumiy “Masnaviy”sining nusxasi, boburiy hukmdor va shahzodalarning 10 ga yaqin miniatyuralari, kashtachilik va to‘qimachilik namunalari keltirildi. Ular orasida, tarixiy manbalarga ko‘ra, Bobur Mirzoga tegishli bo‘lgan xirqa ham bor.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”dan boshlab, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi O‘zbekiston” davrigacha bo‘lgan tarixiy sayohat taqdim etiladi. Masalan, ekspozitsiyada Afrosiyob va Dalvarzintepadan topilgan shaxmat donalarini ko‘rish mumkin. Bu topilmalar O‘zbekistonni shaxmat vatanidan biri ekanini ifodalaydi. Shuningdek, Urgutning Mo‘minobod qishlog‘idan topilgan 3300 yillik nay esa bizning zaminimizda musiqa sanʼati ham necha ming yillik tarixiy anʼanalarga ega ekanini tasdiqlaydi.

Muallif qayd etishicha, markazning uchinchi qavatida 350 ming bosma kitob va 5 million raqamli manbaga ega zamonaviy kutubxona joylashgan. Shuningdek, bu yerda YUNESKO, TURKSOY, AYSESKO, IRSIKA va dunyoning ko‘plab mamlakatlari ilmiy institutlarining ofislari faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Bolalar uchun maxsus ko‘rgazma va taʼlim maydonchalari ham mavjud.

Markazda ilmiy tadbirlar allaqachon boshlab yuborilgan. Bu yerda o‘tkazilgan Birinchi olimlar forumida 500 ga yaqin mutaxassis ishtirok etib, 600 dan ortiq takliflar bildirilgandi. Markaz huzurida taniqli olimlardan iborat kengaytirilgan Ilmiy kengash ham tuzilgan bo‘lib, hozirga qadar uning qirqqa yaqin yig‘ilishi o‘tkazildi va ularda Markaz faoliyatiga daxldor 200 ga yaqin masala ko‘rib chiqildi..

Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” mavzusidagi xalqaro kongressda 40 dan ortiq davlatdan 350 dan ziyod olim qatnashdi. Yakunda jami 170 ta loyiha va 200 ta taklif qabul qilindi.

O‘tgan davr mobaynida Markazga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, AYSESKO Bosh direktori Salim al-Malik, IRSIKA Bosh direktori Mahmut Erol Qilich va Butunjahon Islom uyuushmasi raisi Abdulkarim al-Iso kabi ko‘plab martabali mehmonlar tashrif buyurdi.

Muxtasar aytganda, Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan har bir kishi ushbu zaminning dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini o‘zi uchun kashf etar ekan, qalbida chuqur hayrat tuyg‘usini his qiladi. Zero, Markaz nafaqat bir meʼmoriy obida, balki Yangi O‘zbekistonning ruhiyati, ufuqlari va yangilanish irodasini ifodalovchi bebaho madaniyat maskanidir.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish