O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 500 mingga yaqinlashib, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalar soni keskin ortgan
Yanvar 21, 2026. 11:05 • 2 daq
• 124
BERLIN, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Ostwirtschaft.de” iqtisodiy nashrida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi maʼlumotlariga tayanib, mamlakatimizning tadbirkorlik sohasidagi joriy holati haqida tahliliy maqola eʼlon qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning qayd etishicha, 2026-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 474 ming 899 ta faol korxona va tashkilotlar mavjud (yirik qishloq xo‘jaligi korxonalari va dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno). Ularning asosiy qismini, yaʼni 407 ming 850 tasini bevosita tijorat korxonalari tashkil etadi. Shuningdek, maqolada taʼkidlanishicha, mamlakat iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi kichik va mikro-korxonalar bo‘lib qolmoqda. Ularning soni 403 ming 767 tani tashkil etib, jami faol korxonalarning qariyb 85 foizini tashkil qiladi.
Statistik maʼlumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda korxonalar sonida maʼlum bir pasayish kuzatilgan. Xususan, 2023-yildagi rekord darajadagi ko‘rsatkichdan (592 mingdan ortiq korxona) so‘ng, bozorda maʼlum bir “filtrlanish” jarayoni yuz bergan. Bu jarayon tadbirkorlik subyektlarining miqdoridan sifatiga, yaʼni yanada barqaror va raqobatbardosh tuzilmalarning saqlanib qolishiga o‘tilayotgani bilan izohlanishi mumkin.
Iqtisodiy faollik hamon poytaxt Toshkent shahrida yuqoriligicha qolmoqda, xususan, Toshkent shahrida 108 ming 700 ta korxona (jami korxonalarning 23 foizi). Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari bu borada yetakchi viloyatlar hisoblanadi, deb yozadi nemis manbasi.
Ushbu beshta hudud hissasiga mamlakatdagi jami korxonalarning yarmidan ko‘pi to‘g‘ri keladi. Sohalar bo‘yicha esa savdo (32%), sanoat hamda qishloq va o‘rmon xo‘jaligi tarmoqlari yetakchilik qilmoqda.
Germaniya nashri O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshganiga alohida eʼtibor qaratgan. Ularning soni 18 ming 164 tani tashkil etgan va bir yil ichida 22 foizdan oshgan. So‘nggi besh yil ichida xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni deyarli ikki baravarga ko‘paygan.
Investorlar geografiyasi bo‘yicha Xitoy eng yirik sarmoyador bo‘lib qolmoqda, keyingi o‘rinlarni Rossiya va Turkiya davlatlari egallab turibdi.
Xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalarning to‘rtdan uch qismi to‘liq chet ellik investorlarga tegishli ekani mamlakatdagi investitsiya muhitining jozibadorligi va huquqiy himoyaning mustahkamligidan dalolat beradi.
Nemis ekspertlarining fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyotida kechayotgan bu o‘zgarishlar bozorning transformatsiya jarayonida ekanini va xorijiy investorlarning mamlakat kelajagiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
