Syoiti Kobayasi: Maxsus iqtisodiy zonalar O‘zbekiston taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkin
Iyun 17, 2026. 10:30 • 2 daq
• 57
TOSHKЕNT, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etayotgan Yaponiya taraqqiyot instituti raisi Syoiti Kobayasi “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.
– Institutimiz so‘nggi 45 yil davomida 30 dan ortiq mamlakatda maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bizni Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ikki hududning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun taklif qildi va ayni shu maqsadda bu yerda turibmiz. Yaqin kunlarda loyiha taqdimotini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. O‘zbekistonda jahon andozalariga mos maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etishni maqsad qilganmiz.
O‘zbekiston hukumati, jumladan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, siyosatning ayrim unsurlari va uni amalga oshirishga doir yondashuvlarni xalqaro amaliyot hamda standartlarga yanada moslashtirish imkoni mavjud.
Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, ayniqsa, yosh aholi soni ortib borayotgani va yangi ish o‘rinlarini yaratish zarurati nuqtayi nazaridan mamlakat uchun strategik ahamiyat kasb etishini inobatga olish muhim. Shu ma’noda, bunday zonalar iqtisodiy taraqqiyot va bandlikni ta’minlashning asosiy vositalaridan biriga aylanishi mumkin.
Umid qilamizki, mazkur forum maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish samaradorligi va sifatini yuksaltirish, ularning investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilish imkonini beradi. Umuman olganda, bu yo‘nalish rejalashtirish, ilgari surish va institutsional model nuqtayi nazaridan yanada takomillashtirishni talab etadi.
Ayni paytda hukumat siyosatni takomillashtirish, jumladan, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarishda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) mexanizmlarini rivojlantirish borasida sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, to‘liq davlat modelidan DXSH formatiga o‘tish murakkab jarayon bo‘lib, izchil institutsional o‘zgarishlarni taqozo etadi.
Biz ushbu forumni mazkur masalalarni muhokama qilish hamda xalqaro tajriba almashish uchun o‘z vaqtida tashkil etilgan muhim maydon deb bilamiz. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalarni yanada rivojlantirishga va ularning jahon standartlariga muvofiqligini oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi