Tadashi Maeda: O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror va jadal o‘sish trayektoriyasiga chiqdi
Sentabr 03, 2026. 07:05 • 3 daq
• 91
TOKIO, 3-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Avvalo, ushbu qutlug‘ sana – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bilan chin dildan qutlayman.
Men 2024-yilning iyul oyida Toshkentda bo‘ldim. Ushbu tashrif chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va boshqa yuqori martabali rasmiylar bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘ldim.
So‘nggi yillardagi rivojlanish guvohlik berganidek, Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng mamlakat iqtisodiyoti barqaror va jadal o‘sish trayektoriyasiga chiqdi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Prezidentiga “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi kelajak barpo etamiz!” tamoyiliga asoslangan uzoqni ko‘zlagan va dono rahbarligi uchun chuqur hurmatimni izhor etmoqchiman.
Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p mamlakat bo‘lgan O‘zbekiston mintaqada yetakchi o‘rin tutadi.
O‘tgan yili Yaponiyada “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida davlat rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tdi va uning yakunlari bo‘yicha 30 dan ortiq hujjat imzolandi. Mazkur tadbir doirasida nafaqat hujjatlar imzolangani, balki hamkorlikning aniq yangi loyihalari va yo‘nalishlari ham belgilab olinganini alohida taʼkidlashni istardim.
Prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida 2025-yilda iqtisodiy o‘sish 7,7 foizni tashkil etishi, 2026-yilda esa yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollarga yetishini qayd etdi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotining jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
JBICning O‘zbekiston bilan hamkorligi uzoq tarixga ega. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, ko‘p o‘tmay, 1995-yilda bankimiz mamlakatga, asosan, neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsata boshladi. Shuningdek, neft qazib olishning ikkilamchi usullarini joriy etishga mo‘ljallangan uskunalarni yetkazib berish uchun eksport kreditlarini ajratdi.
So‘nggi vaqtlarda hamkorligimiz anʼanaviy o‘zaro aloqa shakllaridan investitsiya loyihalariga o‘tib bormoqda. Keyingi yillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi sezilarli darajada ortdi. Investitsiya loyihalari nafaqat energetika, balki havo harakatini boshqarish tizimlari va shifoxonalar qurilishi kabi sohalarda ham amalga oshirilmoqda.
Bankimiz Yaponiyaning “Sojitz Corporation” kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik shaklida amalga oshirilayotgan Sirdaryo viloyatidagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi loyihasini moliyalashtirish uchun kredit ajratdi. Bundan tashqari, bank Yaponiyaning “Sumitomo Corporation” va Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyalari ishtirokida Samarqand viloyatida qurilayotgan quyosh elektr stansiyasi loyihasini ham moliyalashtirmoqda.
Ikki yil avval bo‘lib o‘tgan uchrashuvimizda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ikki tomonlama loyihalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhini tuzish tashabbusini ilgari surgan edi.
O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik turli sohalarda, jumladan, aeroport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va boshqa strategik muhim yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda.
Iqtisodiy rivojlanishning dastlabki bosqichida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda davlat kafolatlari ko‘pincha imtiyozli moliyalashtirishni jalb etishning zaruriy sharti hisoblanadi. Shu bilan birga, iqtisodiyotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi.
Aynan shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladigan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini alohida eʼtirof etaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi