Toshkentda yetakchi ingliz yuridik firmalari ishtirokida forum o‘tkaziladi

Sentabr 23, 2026. 11:30 • 2 daq

112
Toshkentda yetakchi ingliz yuridik firmalari ishtirokida forum o‘tkaziladi

LONDON, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida “Lawlex Solicitors” yuridik kompaniyasi vakili Ruslan Ugrelidze bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2020-yilda Londonda tashkil etilgan “Lawlex Solicitors” Angliya va Uels hududlarida keng ko‘lamli yuridik xizmatlar ko‘rsatadi. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini fuqarolik va tijorat sud ishlari, nizolarni hal etish, xalqaro arbitraj, mehnat, immigratsiya, oila huquqi, yuridik amaliyotning boshqa sohalari tashkil etadi.

Uchrashuvda joriy yil 29-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Advokatlar palatasi va “Lawlex Solicitors” hamkorligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Ingliz huquqi forumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Forumning asosiy maqsadi ingliz huquqining o‘ziga xos xususiyatlari va asosiy tamoyillarini taqdim etish, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya yuristlari o‘rtasida tajriba almashish, huquq va xalqaro yuridik amaliyot sohalarida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ladi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonga “Quadrant Chambers”, “Goldsmith Chambers”, “Thomas More Chambers”, “Outer Temple Chambers” kabi yetakchi Britaniya yuridik firmalari va advokatlik palatalarining vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurishi kutilmoqda.

Delegatsiya tarkibidan xalqaro nizolarni hal etish, xalqaro arbitraj, sud ishlari va yuridik amaliyotning turdosh yo‘nalishlarida katta professional tajribaga ega barristerlar, solisitorlar hamda yuridik hamjamiyatning boshqa vakillari o‘rin oladi.

Forum ikki mamlakat yuridik hamjamiyatlari vakillariga huquqni qo‘llash amaliyoti, xalqaro hamkorlik va yuridik infratuzilmani rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish, professional tajriba va amaliy yondashuvlar almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida “Lawlex Solicitors” bilan hamkorlikni izchil davom ettirish, jumladan, Londonda qo‘shma tadbirlarni tashkil etish maqsadida muntazam aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish