Tehronda “Millat Shavkati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Sentabr 24, 2026. 13:00 • 2 daq

238
Tehronda “Millat Shavkati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

TЕHRON, 24-sentabr. /“Dunyo” AA/. Eron poytaxtida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ning Madaniyat instituti bilan hamkorlikda “Millat Shavkati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Eronda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, diplomatik korpus vakillari, yuqori martabali rasmiylar, olimlar, akademiklar, ilmiy va ijodiy muassasalar xodimlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga kitobdan ko‘chirmalar, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi o‘n yillikda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan va davom etayotgan islohotlar hamda ularning natijalari haqida ma’lumotlar berildi.

Mehmonlarga O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videomateriallar namoyish etildi.

IHT Madaniyat instituti prezidenti Muhammad Hasan O‘zbekistonning mintaqadagi asosiy madaniy chorrahalardan biri sifatidagi o‘ziga xos o‘rnini ta’kidlab, mamlakatni turkiy dunyo, fors madaniyati va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida e’tirof etdi.

Zahiriddin Muhammad Boburning tarixiy sayohatlari va ularning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi madaniy hamkorlikdagi ahamiyati, Samarqand, Buxoro va Andijonning mintaqa intellektual hayotidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

Eronshunoslik uyushmasi prezidenti Mahmud Jafariy va Islom madaniyati va aloqalari tashkiloti vakillari Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, davom etayotgan sheriklik munosabatlari haqida so‘z yuritdi.

O‘zbekistonning boy merosi, Shashmaqom, Navro‘z an’analari va oilaviy qadriyatlari, Rudakiy, Ibn Sino, Beruniy va Alisher Navoiyning do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissalari alohida qayd etildi.

“Millat Shavkati” kitobining bir nusxasi IHT Madaniyat institutiga sovg‘a qilinib, institut ko‘magida ushbu asarni fors tiliga tarjima qilish va IHT mintaqasi davlatlarida keng tarqatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish