“Индустрия туризма и культуры” jurnali: “Tamerlano“ operasining Sankt-Peterburgdagi premerasi loyihaning xalqaro turnesini muvaffaqiyatli davom ettirdi

Sentabr 24, 2026. 17:00 • 2 daq

44
“Индустрия туризма и культуры” jurnali: “Tamerlano“ operasining Sankt-Peterburgdagi premerasi loyihaning xalqaro turnesini muvaffaqiyatli davom ettirdi

SANKT-PЕTЕRBURG, 24-sentabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Индустрия туризма и культуры” jurnalida Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasining Rossiyadagi premerasiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, 160 nafardan ortiq san’atkorni birlashtirgan yirik xalqaro loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “Sankt-Peterburg mavsumlari” festivali doirasida tashkil etildi. Ushbu opera Sankt-Peterburgdagi Mariin teatrining yangi sahnasida namoyish etildi.

Spektakl rejissurasi va vizual sahnalashtirish bo‘yicha taniqli italiyalik rejissyorlar Stefano Poda hamda Paolo Jani Chei hamkorlikda ishladi.

Operada bosh rolni O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov ijro etgan. Spektaklda ispaniyalik Xuan Sancho, argentinalik Veronika Kanxemi hamda o‘zbekistonlik Yulduz Rajabova ham rol ijro etgan.

Tomoshaning yanada qiziqarli bo‘lishida O‘zbekiston xor jamoasi, “O‘zbegim” guruhi va Abdukarim Oshurmatov rahbarligidagi Xalq cholg‘ulari orkestrining ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi.

Maqolada musiqiy an’analarning o‘ziga xos uyg‘unligiga ham alohida urg‘u berilgan. Gendelning 1724-yilda yaratilgan klassik asari kompozitor Kirill Rixterning yangi talqinida, o‘zbek milliy cholg‘ulari integratsiyasi bilan, Alibeka Kabduraxmanov rahbarligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri hamrohligida ijro etildi.

Toshkentdagi jahon premerasi, BAAdagi “Dubai Opera” va Avstriyadagi “Musikverein” sahnalaridagi namoyishlardan so‘ng, Sankt-Peterburgdagi premera loyihaning xalqaro gastrollarini muvaffaqiyatli davom ettirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish