“Avrupa Times”: TDT mintaqaviy integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanmoqda
Oktabr 08, 2026. 17:30 • 2 daq
• 67
LONDON, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur “Avrupa Times” yangiliklar portalida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida transport-logistika hamkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada TDT davlatlarining Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi strategik joylashuvi hamda muqobil transport yo‘nalishlarini shakllantirishdagi o‘rni oshib borayotgani qayd etilgan. 2025-yilda Tashkilot davlatlarining jami iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshgan, O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan o‘zaro tovar aylanmasi esa 11 milliard dollarga yetgan.
Nashrda O‘rta koridorni rivojlantirish va uni “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, yuk rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish va tranzit samaradorligini oshirishga qaratilgan e-Permit, e-CMR va eTIR kabi raqamli tizimlarni joriy etish orqali tashuvlarni raqamlashtirishning ahamiyati ta’kidlangan.
Muallif “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘l loyihalari, shuningdek, Transkaspiy xalqaro transport marshrutini yanada rivojlantirish muhimligiga urg‘u bergan.
Maqolada O‘zbekistonning TDT doirasidagi faol pozitsiyasi alohida qayd etilgan. Xususan, Turkiston shahrida o‘tkazilgan norasmiy sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Raqamli turkiy koridor”ni yaratish va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar e’tirof etilgan.
Yakunda nashr transport bog‘liqligi va raqamli yechimlarning rivojlanishi turkiy davlatlarning yagona transport makonini shakllantirish hamda ularning Yevrosiyo transport tizimidagi rolini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi