“Global News Pakistan”: O‘zbekiston “C5+1” formatining yangi sanoat arxitekturasida muhim o‘rin egallamoqda

Sentabr 11, 2026. 13:00 • 2 daq

205
“Global News Pakistan”: O‘zbekiston “C5+1” formatining yangi sanoat arxitekturasida muhim o‘rin egallamoqda

ISLOMOBOD, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Global News Pakistan” axborot agentligida bo‘lajak Seul sammiti va “C5+1”ning yangi sanoat arxitekturasiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, bo‘lajak birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitining Seul shahrida o‘tkazilishi “C5+1” formatiga yanada iqtisodiy mazmun bag‘ishlaydi. Sammit kun tartibida sanoatni modernizatsiya qilish, infratuzilma, foydali qazilmalar, energetika, kadrlar tayyorlash va xususiy sektorni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilinadi.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning institutsional asosini sanoat vazirlari uchun alohida maslahatlashuv mexanizmi tashkil etib, u muntazam tarmoq muloqotini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma tashabbuslar va ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirishga yo‘naltirilgan.

Toshkent va Seul o‘rtasidagi munosabatlar 2019-yildan buyon alohida strategik sheriklik maqomiga ega bo‘lib, Koreya Respublikasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarining jamlangan hajmi 8 milliard dollardan oshdi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yaqinlashib, 11,5 foizga oshdi.

O‘zbekiston–Koreya Respublikasi hamkorligi keng ko‘lamdagi loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy asosga ega. O‘zbekistonning Koreya Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan 2024–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi 2 milliard dollar hajmida shakllantirilgan. Shu bilan birga, yangi tashabbuslar portfeli rivojlantirilmoqda hamda davlat kafolatlarisiz va davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.

Kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va kadrlar tayyorlash “C5+1” sanoat mexanizmining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekistonda buning uchun amaliy baza shakllantirilgan: Toshkent, Farg‘ona, Shahrisabz va Samarqand shaharlarida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida tashkil etilgan kasb-hunar taʼlimi markazlari faoliyat yuritmoqda, yana biri Urganch shahrida qurilmoqda.

O‘zbekiston yangi mintaqaviy arxitekturaga sezilarli amaliy salohiyat bilan kirib kelmoqda: uning ko‘plab elementlari Koreya bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasida allaqachon ishlamoqda.

“To‘plangan O‘zbekiston–Koreya Respublikasi tajribasi “C5+1”ning sanoat arxitekturasidagi amaliy elementlardan biriga aylanib, O‘zbekistonning Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo bilan texnologik va sanoat hamkorligidagi rolini mustahkamlamoqda”, – deya yozilgan maqola xulosasida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish