“The Gulf Observer”: O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqaro maydonda ekologiya sohasida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda

May 16, 2026. 16:30 • 2 daq

13
“The Gulf Observer”: O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqaro maydonda ekologiya sohasida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda

ISLOMOBOD, 16-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Gulf Observer” elektron nashri “O‘zbekiston va Ozarbayjon: ekologiya sohasida strategik hamkorlikning yangi bosqichi” sarlavhali maqolani e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Ushbu hamkorlik ikki tomonlama tashabbuslar bilan bir qatorda xalqaro maydonlardagi faol hamkorlikni ham qamrab olmoqda.

Nashrda hamkorlikning asosini 2008-yil 11-sentyabr kuni Boku shahrida imzolangan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tashkil etishi qayd etilgan.

“Iqlim forumlari doirasidagi aloqalar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, COP28 doirasida ikki davlat vakillari Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mintaqasida barqaror va resurs tejamkor iqtisodiyotga o‘tish masalalarini muhokama qildi. Keyinchalik ushbu muloqot Nayrobida bo‘lib o‘tgan BMTning Atrof-muhit bo‘yicha assambleyasi doirasida davom ettirildi hamda unda Bokuda o‘tgan COP28 sammitiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi”, – deyilgan materialda.

Pokiston elektron nashri ma’lum qilganidek, O‘zbekiston va Ozarbayjon Osiyo taraqqiyot banki hamda “Yashil” iqlim jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirilayotgan “Glaciers to Farms” mintaqaviy dasturiga qo‘shildi. Mazkur dastur muzliklarning erishi sharoitida qishloq xo‘jaligi va infratuzilmaning barqarorligini oshirish uchun 3,5 milliard dollar mablag‘ni safarbar etishni nazarda tutadi.

Kelgusidagi hamkorlik istiqbollari qator yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, havo sifati monitoringi va “yashil” shaharsozlikni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) bazasida ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

“O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologik hamkorlik barqaror rivojlanib bormoqda va iqlim kun tartibi, ilmiy tadqiqotlar, yoshlar tashabbuslari hamda xalqaro kooperatsiyadan tortib keng qamrovli yo‘nalishlarni qamrab olmoqda”, – deya urg‘ulangan “The Gulf Observer” maqolasi yakunida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish