Shanxay ishbilarmon doiralari O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyatiga qiziqish bildirmoqda

May 16, 2026. 16:00 • 2 daq

28
Shanxay ishbilarmon doiralari O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyatiga qiziqish bildirmoqda
Shanxay ishbilarmon doiralari O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyatiga qiziqish bildirmoqda

SHANXAY, 16-may. /“Dunyo” AA/. “Shanxay va “Bir makon – bir yo‘l” mintaqalari o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik hamda almashinuvlar” mavzusidagi anjuman doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati namoyish qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir yuqori darajadagi muloqot uchun platforma yaratish, ochiq hamkorlik bo‘yicha yakdil fikrni mustahkamlash, dolzarb xalqaro iqtisodiy va savdo masalalarini muhokama qilish, shuningdek, jahon iqtisodiyoti va savdosining asosiy ishtirokchilarini birlashtirishga qaratildi. Anjumanda Xitoyning 200 dan ortiq yetakchi kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

Panel sessiyasi davomida O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari mamlakatimizning sarmoyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi.

Unda ishtirokchilarga respublikaning salmoqli infratuzilmaviy imkoniyatlari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan preferensiyalar majmuasi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatda biznes yuritishning asosiy afzalliklari, jumladan, milliy va mintaqaviy investitsiya loyihalarida ishtirok etish, soliq va bojxona imtiyozlari, eksportni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari hamda O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo, MDH va Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish imkoniyatlari taqdim qilindi.

Taqdimot doirasida qatnashchilarga turizm, “yashil” energetika, AT, to‘qimachilik sanoati, agrosanoat majmuasi, logistika va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘zlab berildi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan bir qator Xitoy kompaniyalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, investitsiyaviy imkoniyatlarni chuqurroq o‘rganish maqsadida Xitoy delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish