TDT sammitida O‘zbekiston tashabbuslari turkiy dunyoning raqamli integratsiyasida yangi bosqichni boshlaydi

May 16, 2026. 15:30 • 2 daq

26
TDT sammitida O‘zbekiston tashabbuslari turkiy dunyoning raqamli integratsiyasida yangi bosqichni boshlaydi

BISHKEK, 16-may /“Dunyo” AA/. Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, siyosiy fanlar doktori, professor Tokon Mamitov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining shu yil 15-may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– So‘nggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mintaqada iqtisodiy rivojlanishning yangi modelini shakllantirish va keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutmoqda. Bu borada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan TDTni rivojlantirish yuzasidan ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston 2019-yildan buyon TDT istiqbolli rivojlanishi bo‘yicha yuzdan ortiq amaliy tashabbusni ilgari surdi. Ularning uchdan ikki qismi allaqachon amalga oshirildi – raqamli transport yo‘laklaridan tortib yagona “e-Permit” tizimigacha.

Bu shunchaki statistika emas, balki logistikaning haqiqiy soddalashuvi, o‘zaro savdo hajmining 10,8 milliard dollardan oshishi, biznes va fuqarolar uchun aniq loyihalar demakdir.

Asosiy yutuq – Turkiy investitsiya jamg‘armasining tashkil etilgani (2023–2024-yillar) bo‘ldi. O‘zbekistonning faol pozitsiyasisiz bu loyiha, ehtimol, uzoq istiqbolga qolib ketgan bo‘lar edi. Bugungi kunda jamg‘arma energetika, transport va agrosektordagi qo‘shma korxonalarni moliyalashtirmoqda.

Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan sammit protokol jihatidan emas, balki mazmun nuqtayi nazaridan muhimdir. Biz sun’iy intellekt sohasi, IT-kadrlar tayyorlash va umumiy texnologik makonni shakllantirish bo‘yicha amaliy qarorlarga o‘tilishini kutmoqdamiz.

Shu bilan birga, TDT ochiq tuzilmadir. Turkiy hamkorlik – bu boshqa hamkorlik formatlarini almashtirmaydigan, balki ularni to‘ldiruvchi ixtiyoriy va pragmatik sheriklikdir.

O‘zbekistonning 2022-yilda boshlangan raisligi yakunlariga kelsak, uning asosiy natijasi institutsionallashuv bo‘ldi. Ilk bor aniq konsepsiyalar va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, barcha darajalarda yuzdan ortiq uchrashuv o‘tkazildi.

Tizimli yondashuv TDT faoliyatining o‘ziga xos belgisiga aylandi. Turkiston sammitida O‘zbekiston butun turkiy dunyoga qo‘shimcha turtki beradigan yangi aniq takliflar bilan ishtirok etdi.


Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish