“The World News”: BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichini namoyon etdi

Oktabr 01, 2026. 10:30 • 2 daq

• 107
“The World News”: BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichini namoyon etdi

ISLOMOBOD, 1-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” nashrida “O‘zbekiston va BMT: Milliy tashabbuslardan global kun tartibiga” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Barqaror rivojlanish markazi” bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev muallifligidagi materialda qayd etilishicha, BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichini namoyon etdi.

“23-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Bosh Assambleyaning umumiy siyosiy munozaralarida O‘zbekiston nomidan nutq so‘zladi. Uning rasmiy nutqida mamlakat tanlagan yo‘l uchta tushuncha bilan ifodalandi: ochiqlik, qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar va dunyo bilan muloqot”, – deyiladi maqolada.

Nashrda bu holat O‘zbekistonning keyingi yillardagi ichki va tashqi siyosati o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlikni ko‘rsatishi alohida ta’kidlangan. Mamlakat ichida inson qadri islohotlarning bosh mezoni sifatida belgilangan bo‘lsa, xalqaro maydonda ham tinchlik, taraqqiyot va inson qadr-qimmati bir-biridan ajralmas yagona vazifa sifatida talqin etilmoqda.

Shuningdek, maqolada O‘zbekiston BMT Bosh kotibining tashkilotni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan “UN80” tashabbusini qat’iyat bilan qo‘llab-quvvatlagani urg‘ulangan. Muallifning fikricha, bu qarashlar bugun BMTning o‘zida kechayotgan munozaralar bilan to‘la hamohangdir. Global kuchlar muvozanati o‘zgarib borayotgan bir paytda ko‘p tomonlama institutlarning vakillik darajasi, samaradorligi va qarorlarni amalga oshirish imkoniyatlarini oshirish masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

“Nyu-Yorkda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar mamlakatdagi islohotlar, Markaziy Osiyoda shakllangan yangi hamkorlik muhiti hamda global muammolarga yechim izlash o‘rtasida tobora mustahkam bog‘liqlik yuzaga kelayotganini ko‘rsatdi. Eng muhimi, O‘zbekiston xalqaro kun tartibiga faqat munosabat bildirish bilan cheklanmay, uning yangi yo‘nalishlarini shakllantirishga qaratilgan konstruktiv takliflarni ilgari surmoqda”, – deb yozilgan “The World News”.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish