1–2-oktabr kunlari Samarqandda Osiyo konstitutsiyaviy sudlarining VII Kongressi bo‘lib o‘tadi
Sentabr 30, 2026. 20:00 • 2 daq
• 16
TOSHKЕNT, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. 1–2-oktabr kunlari Samarqand shahrida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining (AACC-ASIA) VII kongressi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu galgi kongress “Raqamlashtirish va sun’iy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov” mavzusiga bag‘ishlanadi.
Anjumanda dunyoning 20 dan ortiq davlatdan konstitutsiyaviy va oliy sudlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yetakchi huquqshunos olimlar qatnashadi.
Ushbu tadbir global texnologik transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligi va inson qadr-qimmatini ta’minlashning yangi mexanizmlarini belgilab berishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
VII kongress doirasida quyidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi:
- raqamli transformatsiya sharoitida sudyalar mustaqilligi;
- inson huquqlari va qonun ustuvorligini raqamli muhitda ta’minlash;
- konstitutsiyaviy nazoratda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari va huquqiy chegaralari;
- xolislik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish;
- sun’iy intellektdan foydalanishda protsessual kafolatlar;
- konstitutsiyaviy yurisdiksiyalar o‘rtasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish.
Kongress yakunida zamonaviy texnologik o‘zgarishlar sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirishga qaratilgan Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Mazkur xalqaro anjuman konstitutsiyaviy odil sudlovning kelajagi, inson huquqlarini himoya qilish va sun’iy intellektdan sud sohasida foydalanishning huquqiy asoslari bo‘yicha xalqaro muloqot uchun muhim maydon bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi