“The World News”: O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqdi

Avgust 04, 2026. 20:00 • 2 daq

103
“The World News”: O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqdi

ISLOMOBOD, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” nashrida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston: ittifoqchilik – strategik tanlov” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Tashrifning eng muhim voqeasi mamlakatlar o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hujjat aloqalarni avvalgi strategik sheriklik darajasidan yana-da yuqori bosqichga ko‘tardi.

Yangi bosqichning muhim institutsional xususiyati sifatida Oliy davlatlararo kengash tashkil etildi. U ikki tomonlama munosabatlarga oid masalalarni muntazam ko‘rib chiqadigan eng yuqori organ bo‘lib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qo‘shimcha surʼat bag‘ishlaydi.

Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur tashrif mintaqaviy muloqotlar faollashib borayotgan bir paytda amalga oshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda bo‘lgan vaqtida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvida ham ishtirok etdi.

Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi mintaqa davlatlari Markaziy Osiyoni tobora umumiy manfaatlar makoni sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatadi. Bu yerda xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, transport, energetika va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq masalalar muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni talab etadi.

Nashrda taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda ittifoqchilik munosabatlari tarmog‘i bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Qirg‘iziston Qozog‘iston va Tojikistondan keyin O‘zbekiston bilan rasman ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatgan uchinchi Markaziy Osiyo mamlakatiga aylandi.

Bu davlatlar barqarorlikni birgalikda taʼminlaydigan, umumiy tahdidlarga muvofiqlashtirilgan tarzda javob qaytaradigan hamda xavfsizlikni siyosiy barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot, transport bog‘liqligi, suv-energetika sohasidagi hamkorlik va ekologik xavfsizlikni qamrab oluvchi keng qamrovli tushuncha sifatida qabul qiladigan mintaqaviy makonni shakllantirishni nazarda tutadi.

Maqolada ikki tomonlama munosabatlarning yangi maqomi allaqachon aniq iqtisodiy majburiyatlarda o‘z ifodasini topgani urg‘ulangan. Muzokaralarda tomonlar o‘zaro savdo hajmini 3 milliard AQSH dollariga yetkazish, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish