“Orient” AA: O‘zbekistondagi taraqqiyot bosqichi jahon iqtisodiy tendensiyalariga mos kelmoqda

Avgust 03, 2026. 19:26 • 2 daq

113
“Orient” AA: O‘zbekistondagi taraqqiyot bosqichi jahon iqtisodiy tendensiyalariga mos kelmoqda

ASHXABOD, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkmanistonning ommabop “Orient” axborot agentligida O‘zbekistonning global iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi va “Katta yigirmatalik” (G20) kun tartibi bilan o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Agentlikda yozilishicha, bugungi kunda O‘zbekistondagi taraqqiyot bosqichi va amalga oshirilayotgan islohotlar jahon iqtisodiy tendensiyalariga mos kelmoqda.

Xususan, strategik maqsadlar – sanoatni texnologik yangilash, yirik investitsiyalarni jalb qilish, eksportni kengaytirish va global qiymat zanjirlariga qo‘shilish G20 doirasidagi barqaror rivojlanish, energetik o‘tish, raqamlashtirish va savdoni erkinlashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar bilan hamohang ravishda amalga oshirilmoqda.

Maqolada mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash va Xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha tashlangan qadamlar alohida e’tirof etilgan.

Qayd etilishicha, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sdi, 43 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi, 2026-yilda esa YAIM hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, sanoatda qo‘shilgan qiymatni 60 milliard dollarga yetkazish va 2026-yilda umumiy qiymati 52 milliard dollar bo‘lgan 782 ta yangi sanoat loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Materialda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni yakuniy bosqichga kirgani, jumladan, AQSH va boshqa asosiy hamkorlar tomonidan bu jarayonga bildirilayotgan siyosiy va amaliy xayrixohlik mamlakatning tashqi savdo va sanoat siyosatiga yangi sur’at bag‘ishlayotgani ta’kidlangan.

“Markaziy Osiyo mintaqasi yirik bozorlarni bog‘lovchi ko‘prikka aylanmoqda, O‘zbekiston esa transport yo‘laklari, sanoat zanjirlari va investitsiya loyihalari amaliy ro‘yobga chiqadigan asosiy maydon sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda”, – deb xulosa qilingan agentlikda.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish