“The World News”: Pokiston uchun O‘zbekiston xaritadagi chegaralar bilan cheklangan uzoq davlat bo‘lmagan
Fevral 12, 2026. 10:47 • 3 daq
• 147
ISLOMOBOD, 12-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” elektron nashrida “Bir yurak, ikki millat: O‘zbekiston va Pokiston umumiy kelajakni qayta yozmoqda” (“One Heart, Two Nations: Uzbekistan, Pakistan Rewriting Shared Destiny) sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola mualliflari Pokiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi sobiq prezidenti Mian Nasser Hyatt Maggo va ekspert Arshad Abbasi.
“Umid va istiqbolga to‘la yangi davr shakllanmoqda. Biz uchun O‘zbekiston hech qachon xaritadagi chegaralar bilan cheklangan uzoq davlat bo‘lmagan. U bolaligimizdanoq qalbimizda yashab kelgan, hikoyalarimizni shakllantirgan, duolarimizga yo‘l ko‘rsatgan va o‘zligimizni belgilagan mamlakat. Diplomatiya rasmiy til kasb etmasidan ancha oldin, qalblarimiz O‘zbekistonni yaqin va tanish deb bilgan. Bugun Pokiston va O‘zbekiston yangilangan va yanada chuqur sheriklik sari qadam qo‘yar ekan, bolalikdagi bu orzular tabiiy ravishda strategik maqsadga aylandi”, – deya yozadi mualliflar.
Nashrda taʼkidlanganidek, O‘zbekiston bilan aloqalarimiz yaqinda paydo bo‘lgan emas, u asrlar davomida shakllangan va umumiy tarix hamda sivilizatsiyalar bilan chuqur ildiz otgan. Aloqalarimiz Farg‘ona vodiysining farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur tog‘laru daryolarni kesib o‘tib, Hind vodiysiga kirib kelgan paytdan boshlangan. 1519-yilda Bobur hozirgi Pokiston hududida joylashgan Chinab daryosiga yetib keldi va shu damdan eʼtiboran tarix O‘zbekistondan Janubiy Osiyo tomon yuzandi. Boburiylar bilan madaniyat kirib keldi, eʼtiqod mustahkamlandi, umumiy sivilizatsiya ildiz ota boshladi va u hech qachon to‘xtagani yo‘q.
“1991-yil sentyabrda O‘zbekiston mustaqil va suveren davlat sifatida dunyo sahnasiga chiqqan paytda, biz so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan quvonchni his etdik. Ana shu ondan boshlab, moddiy manfaat uchun emas, balki muhabbat, tarix va chuqur taqdir hissidan kelib chiqib, uning chegaralaridan tashqaridagi eng kuchli tarafdorlaridan biriga aylandik”, – deyilgan nashrda.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlat bo‘lishi mumkin, ammo u hech qachon yakkalangan emas. Geografiya cheklovlar qo‘ygan, biroq tafakkur ularni bartaraf etgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zgarishlarga yo‘naltirilgan va amaliy rahbarligi ostida O‘zbekiston kam sonli davlatlar jurʼat qila oladigan ishlarni amalga oshirdi. U chuqur islohotlar o‘tkazdi, mamlakat jahonga ochildi va inklyuziv o‘sishga erishdi.
Taʼkidlanganidek, bugun O‘zbekiston energiyaga bog‘liqlikdan qatʼiy ravishda chiqib, ishlab chiqarishni mustahkamlamoqda, xizmatlar sohasini kengaytirmoqda, bozorlarni isloh qilmoqda va umumiy biznes muhitini yaxshilamoqda. Millionlab odamlar kambag‘allikdan chiqarildi va bu yutuq tasodif emas. Bu – Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi tub o‘zgarishlar samarasidir.
“Ushbu keng ko‘lamli o‘zgarishlar jarayonida Pokiston bilan hamkorlikni kuchaytirish strategik ahamiyat kasb etadi. Ikki mamlakat logistika, to‘qimachilik, ishlab chiqarish, farmatsevtika va agrosanoat sohalarida tabiiy tarzda bir-birini to‘ldiradi. Pokiston O‘zbekistonga Karochi va Gvadar portlari orqali dengizlarga eng yaqin chiqish imkoniyatini taklif etadi, O‘zbekiston esa islohotlar surʼati, sanoat salohiyati va mintaqaviy taʼsir doirasini olib keladi. Ular birgalikda kuchli Shimol –Janub iqtisodiy koridorining tayanchiga aylanadi”, – deya urg‘ulangan manbada.
Nashrda qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 5-6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi haqiqiy burilish nuqtasi bo‘ldi. Bir qator kelishuvlar imzolandi va besh yil ichida ikki tomonlama o‘zaro savdoni 2 milliard AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha Bayonnoma qabul qilindi. Savdo, investitsiya, ilmiy tadqiqotlar, texnologiya, qishloq xo‘jaligi va sanoat hamkorligini qamrab olgan besh yillik yo‘l xaritasini ishlab chiqish uchun qo‘shma ishchi guruh tashkil etildi. Bu institutsional tizim barqaror, kelajakka yo‘naltirilgan va iqtisodiy realizmga asoslangan.
Maqola “O‘zbekiston va Pokiston mohiyatan ikki tanadagi bir yurakdir. Dinimiz bir, madaniyatimiz bir, tariximiz va kelajagimiz mushtarak. O‘zbekistonga bo‘lgan muhabbatimiz diplomatik yoki manfaatga asoslangan emas – u shaxsiy, hissiy va abadiydir. Biz bu lahzani o‘nlab yillar kutdik va u nihoyat yetib keldi. Yangi davr boshlandi...”, – degan so‘zlar bilan yakunlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
