“The world News”: O‘zbekiston ziyorat turizmining dolzarb yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘z mavqeini izchil mustahkamlamoqda
Iyun 29, 2026. 11:40 • 2 daq
• 4
ISLOMOBOD, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The world News” onlayn nashri “Toshkentda IV Xalqaro “Umra Plyus va ziyorat turizmi” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.
Unda shu yil 27-iyun kuni Toshkent shahrida Turizm qo‘mitasi hamda Umra turizmi tashkilotlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan IV Xalqaro “Umra Plyus va ziyorat turizmi” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlagani xabar qilingan.
“Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Malayziya, Indoneziya va Saudiya Arabistonidan 200 nafardan ortiq turoperatorlar, mehmonxona biznesi hamda transport kompaniyalari vakillari ishtirok yetayapti, deya qayd etilgan maqolada. – Ikki kun davomida ishtirokchilar V2V uchrashuvlari, biznes muzokaralari va O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlarda qatnashib, ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqdalar”.
Taʼkidlanishicha, mazkur ko‘rgazma avval Turkiya, Malayziya va Indoneziyada o‘tkazilgan loyiha taqdimotlarining mantiqiy davomi bo‘lib, O‘zbekistonning turistik shaharlari bo‘ylab sayohatni ham o‘z ichiga olgan “Umra+” dasturini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.
Ko‘rgazma doirasida umra safarlarini O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayohatlar bilan uyg‘unlashtiruvchi yangi “Umra+” yo‘nalishlarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
O‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar yakunida yangi turizm mahsulotlarini yaratish hamda mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan 100 ga yaqin hamkorlik bitimlarini imzolash rejalashtirilgan.
“Xorijiy ishtirokchilar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif ham tashkil etildi. Ushbu markazni xorijiy sayyohlarga taklif etiladigan asosiy ziyorat marshrutlari tarkibiga kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, – deyilgan manbada.
Shuningdek, materialda O‘zbekiston ziyorat turizmining dolzarb yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqeini izchil mustahkamlab borayotgani, 2026-yilning dastlabki besh oyida mamlakatga 5,3 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgani eʼtirof etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi