Toshkentda arab tili o‘qituvchilari uchun xalqaro trening bo‘lib o‘tdi
Fevral 13, 2026. 11:04 • 57 soniya
• 7TOSHKENT, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 10–12-fevral kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida "Sulton bin Abdulaziz Ol Saud: Markaziy Osiyoda arab tili" xalqaro lingvistik dasturining beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur loyiha Islom olami taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamda Sulton bin Abdulaziz Ol Saud nomidagi jamg‘arma hamkorligida amalga oshirildi. Uch kun davom etgan ixtisoslashtirilgan treninglarda arab tilini xorijiy til sifatida o‘qitishga ixtisoslashgan 40 dan ortiq mutaxassislar, jumladan, oliy taʼlim muassasalari o‘qituvchilari va magistrantlar ishtirok etdilar.
Dastur doirasida to‘rtta mavzuga oid ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi. Asosiy eʼtibor arab tilini o‘zlashtiruvchilar uchun zamonaviy taʼlim tendensiyalari, innovatsion metodikalar hamda raqamli taʼlim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish masalalariga qaratildi. Ishtirokchilar yangi o‘quv dasturlari va uslubiy majmualarni ishlab chiqish, pedagogik yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarida arab tilini o‘qitishni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Dastur ishtirokchilariga xalqaro darajadagi sertifikatlar topshirildi. Bu kabi loyihalar mamlakatimizda sharqshunoslik maktabi salohiyatini oshirish va xorijiy tillarni o‘qitish sifatini xalqaro standartlar asosida yuksaltirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


