Logo

Qatar radiosi: O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning marvaridi sanaladi

Fevral 13, 2026. 10:21 • 3 daq

39
Qatar radiosi: O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning marvaridi sanaladi

DOHA, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Qatarlik turizm sohasi bo‘yicha ekspert Ayman Al-Qudva Qatar radiosiga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida intervyu berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Qatardagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan radio-intervyuda mutaxassis so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasiga berilayotgan eʼtibor va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tgan.

Ekspertning taʼkidlashicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning marvaridi sanaladi. U shunchaki sayyohlik makoni emas, balki chuqur tarixiy ildizlarga ega, o‘ziga xos buyuk sivilizatsiya markazi hisoblanadi. Mamlakat juda go‘zal va boy tarixiy merosga ega bo‘lib, ayniqsa musulmon va arab sayyohlari uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yerda ko‘plab qadimiy masjidlar, madrasalar, diniy obidalar va yodgorliklar mavjud.

Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududi islom tarixidan buyon qadimgi Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar jahon tarixida muhim o‘rin tutadi hamda bugungi kunda xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan madaniy meros maskanlari hisoblanadi.

Samarqand Temuriylar tarixi bilan mashhur bo‘lib, Registon maydoni shaharning eng mashhur va ramziy maskanidir. Buxoro o‘zining masjid va madrasalari bilan inson qalbiga o‘ziga xos ruhiy tuyg‘u bag‘ishlaydi.

Xiva esa qadimiy meʼmoriy inshootlari va saqlanib qolgan tarixiy muhiti bilan alohida ajralib turadi. O‘zbek xalqi o‘ziga xos, nihoyatda mehmondo‘st, turistlarga nisbatan ochiqko‘ngil va xushmuomala xalq hisoblanadi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga 10 million nafar sayyoh tashrif buyurgan.

“O‘zbekiston bugungi kunda safar qilish uchun qulay mamlakatlardan biridir. U Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat bo‘lib, aholining aksariyati musulmonlardan iborat. Shu sababli, musulmon sayyohlar, xususan, qatarlik mehmonlar yegulik va ichimlik masalasida hech qanday qiyinchilikka duch kelmaydi. O‘zbek taomlari Qatar va Saudiya Arabistoni taomlariga o‘xshab ketadi. Ayniqsa guruch, sabzi va go‘shtdan tayyorlanadigan palov keng isteʼmol qilinadi va arab mehmonlari didiga mos keladi. Taomlar go‘yoki arab oshxonasining o‘zbekona milliy talqindagi ko‘rinishini eslatadi”, deya fikr bildirgan Ayman Al-Qudva.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga safar qiluvchilar soni tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonning Qatardagi Elchisi Ashraf Xo‘jayev boshchiligida mamlakatga ko‘proq sayyohlarni jalb etish yo‘lida faol ish olib borilmoqda. Qatarliklar hamda Ko‘rfaz hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlar fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan, muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston go‘zal tabiiy manzaralari bilan ham ajralib turadi. Chorvoq, Aydarko‘l va Nurota kabi hududlar oilaviy dam olish uchun juda mos maskanlardir. Tog‘li va yashil hududlar manzaralari Shveysariyani eslatadi. Eng muhimi, mamlakat xavfsiz.

Iqlim sharoitiga ko‘ra yoz faslida havo harorati baʼzan 40 darajadan yuqori, qish faslida esa 0 darajadan pastga ham tushadi. O‘zbekistonga sayohat qilish uchun eng maqbul davr – bu bahorning aprel–may hamda kuzning sentyabr–oktyabr oylari.

Mamlakat iqtisodiyoti asosan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasiga tayanadi, ayni vaqtda turizm sohasi ham yuqori surʼatlarda rivojlanib bormoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish