Logo

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturlari amalga oshiriladi

Fevral 13, 2026. 09:25 • 2 daq

4
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturlari amalga oshiriladi

ISLOMOBOD, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Fan va texnologiya milliy universiteti rektori Muhammad Zahid Latif bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda, Toshkent shahridagi Geologiya fanlari universiteti rektori Aʼzam Qodirxo‘jayev ham qatnashdi.

Pokiston tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, ilm-fan, taʼlim va raqamli iqtisodiyotga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, qator xorijiy taʼlim muassasalarining mamlakatimizda filial va qo‘shma fakultetlar ochish bo‘yicha olib borayotgan amaliy ishlari haqida maʼlumot berildi.

Tomonlar O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida qo‘shma taʼlim dasturlarini joriy etish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Geologiya fanlari universitetida Pokiston Fan va texnologiya milliy universiteti fakultetini ochish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur qo‘shma taʼlim loyihasi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi taʼlim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni yanada faollashtirish uchun samarali platforma bo‘lishi taʼkidlandi.

Rektor Muhammad Zahid Latif O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha yo‘nalishlarda, xususan, oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. U Geologiya fanlari universiteti bilan hamkorlikda taʼlim va tadqiqotlar yo‘nalishida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan amaliy ishlarni boshlash uchun Pokiston Fan va texnologiya milliy universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish