Toshkentda Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyasi bilan "aqlli shifoxona" konsepsiyasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi
Fevral 09, 2026. 10:39 • 59 soniya
• 2TOSHKENT, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Buyuk Britaniyaning “International Hospitals Group” (IHG) kompaniyasi rahbari Chester King bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda ruhiy salomatlik yo‘nalishida “Xalqaro standartlarga asoslangan ambulator va statsionar davolash muassasasini tashkil etish” loyihasi muhokama qilindi. Shuningdek, zamonaviy “aqlli shifoxona” konsepsiyasini joriy etish, raqamli boshqaruv tizimlari, kadrlar malakasini oshirish va menejment masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Chester King poytaxt va Toshkent viloyatidagi psixiatriya hamda narkologiya xizmatlari muassasalariga tashrif buyurganini taʼkidlab, O‘zbekistonda ruhiy salomatlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholadi. Shu o‘rinda, kompaniya rahbari nafaqat davlat, balki nodavlat tibbiyot muassasalari bilan ham hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tibbiy xizmat sifati xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarilishi, aholi uchun zamonaviy va samarali yordam taʼminlanishi hamda britaniyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda ruhiy salomatlik xizmatini barqaror rivojlantirishga kelishib oldilar.
“International Hospitals Group” Britaniyaning yetakchi xalqaro tibbiy infratuzilma kompaniyasi bo‘lib, dunyoda ruhiy salomatlik sohasida xalqaro standartlarga asoslangan ambulator va statsionar klinikalarni loyihalashtirish va barpo etishda katta tajribaga ega. Kompaniya hozirda Yaqin Sharq davlatlarida faoliyat olib bormoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


