Logo

Islom sivilizatsiyasi markazi va “Dunyo” AA o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Mart 05, 2026. 19:29 • 2 daq

3
Islom sivilizatsiyasi markazi va “Dunyo” AA o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Islom sivilizatsiyasi markazi va “Dunyo” AA o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Islom sivilizatsiyasi markazi va “Dunyo” AA o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

TOSHKENT, 5-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimizdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida bugun press-tur tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu press-tur doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi hamda “Dunyo” axborot agentligi o‘rtasida axborot hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.

Shuningdek, “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston tarixi” hamda “Dunyo bo‘ylab” telekanallari bilan ham hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandumga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, unda o‘tkaziladigan ilmiy, madaniy va maʼrifiy tadbirlarni keng va sifatli yoritish, maxsus reportajlar, tahliliy materiallar hamda axborot lavhalarini tayyorlab, keng jamoatchilikka yetkazish nazarda tutilgan.

17–21-mart kunlari markaz hududida keng qamrovli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, xalq sayillari va bayram dasturlari o‘tkazilishi maqsad qilingan. Shu kunlari Navro‘z bayrami hamda Ramazon hayiti munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etilib, markaz keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi.

Kelgusida mazkur markazda xalqaro va global ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab ilmiy, madaniy va maʼrifiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda, markaz yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan ham axborot hamkorligini yo‘lga qo‘ymoqda.

Press-tur doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun markaz bo‘ylab maxsus ekskursiya tashkil etildi. Unda ishtirokchilar markaz ekspozitsiyalari, jumladan, Birinchi va Ikkinchi Renessans zallari bilan tanishib, islom olamining boy ilmiy va madaniy merosiga oid noyob qo‘lyozmalar, asarlar va eksponatlar haqida batafsil maʼlumot oldi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olamining boy ilmiy va maʼnaviy merosini namoyon etuvchi yirik maʼrifiy maskanga aylanishini alohida taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish