“Travel Tomorrow”: O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishlari va infratuzilmasini kengaytirmoqda

Avgust 17, 2026. 10:28 • 2 daq

2
“Travel Tomorrow”: O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishlari va infratuzilmasini kengaytirmoqda

BRYUSSEL, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning nufuzli “Travel Tomorrow” nashrida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bosh muharrir Antonio Buskardinining tijorat platformasida eʼlon qilingan maqolada yozilishicha, O‘zbekiston turizm sohasida yuqori o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida mamlakatga turistik maqsadlarda 6,5 million nafardan ziyod sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan qariyb 1,3 million nafarga ko‘pdir.

Mazkur natija O‘zbekistonning 2030-yilga borib har yili 20 million nafar xorijiy sayyohni jalb qilish maqsadi sari izchil harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Turistlar oqimining ortishi mamlakatda mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish, transport imkoniyatlarini kengaytirish va yangi turistik yo‘nalishlarni yaratishga qaratilgan islohotlar samarasi bilan ham bog‘liq.

Nashrda taʼkidlanishicha, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan sayyohlar umumiy soni qariyb 4,9 million nafarni tashkil etgan. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin turistik aloqalar O‘zbekiston turizm industriyasida muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Ayni paytda Xitoy ham mamlakat uchun istiqbolli xalqaro turistik bozorlardan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.

O‘zbekistonda turizmni iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yangi mehmonxona loyihalari amalga oshirilmoqda, turistik hududlarni rivojlantirish bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqilmoqda, transport infratuzilmasi modernizatsiya qilinmoqda hamda sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati yaxshilanayapti.

Eʼtiborli jihati, O‘zbekiston turizm takliflarini faqat tarixiy va madaniy meros bilan cheklab qo‘ymayapti. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarning turistik salohiyati bilan bir qatorda, ekologik, gastronomik, ziyorat, tibbiy, sport va MICE-turizm yo‘nalishlari ham jadal rivojlantirilmoqda.

Xalqaro aviaqatnovlarning kengayishi, vizaviy tartiblarning soddalashtirilishi va turistik infratuzilmaga investitsiyalarning ortishi ham sohaning rivojiga xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish