“Infora News”: O‘zbekiston ShHT makonida yangi taʼlim tashabbuslarini ilgari surmoqda

Avgust 16, 2026. 14:00 • 3 daq

154
“Infora News”: O‘zbekiston ShHT makonida yangi taʼlim tashabbuslarini ilgari surmoqda

ISLOMOBOD, 16-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Infora News” elektron nashri “Markaziy Osiyoda taʼlim integratsiyasi: ShHT doirasidagi yangi imkoniyatlar” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi yozganidek, Markaziy Osiyo geografik joylashuviga ko‘ra, azaldan turli sivilizatsiyalar, madaniyatlar va ilmiy maktablar, maʼrifat o‘choqlari tutashgan global chorraha bo‘lib kelgan. Bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan taʼlim va ilm-fan integratsiyasi, akademik harakatchanlik hamda mushtarak tadqiqotlar zamonaviy zarurat emas, balki mintaqaning ming yillik tarixiy-madaniy merosi va boy ilmiy anʼanalariga asoslangan tabiiy, qonuniyatli jarayondir.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda ShHT doirasida amalga oshirilayotgan va oliy taʼlim tizimida aks etayotgan jarayonlar ushbu tarixiy anʼanalarning mantiqiy va zamonaviy davomidir.

“ShHT doirasidagi yangi taʼlim tashabbuslari Markaziy Osiyo oliy o‘quv yurtlariga global akademik muhitda munosib o‘rin egallashga yordam bermoqda. Birgalikda yaratilayotgan qo‘shma dasturlar va grantlar mintaqadagi iqtidorli yoshlarga o‘z yurtida va hamkor mamlakatlarda yuqori sifatli taʼlim olish imkonini taqdim etmoqda”, – deyilgan materialda.

Taʼkidlanishicha, 2026-yil 16-iyun kuni ShHTga aʼzo davlatlar taʼlim vazirlarining Belarusda bo‘lib o‘tgan 10-yig‘ilishida aynan taʼlim orqali o‘zaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlik va bilimlar makonini kengaytirish g‘oyasi markaziy mavzuga aylandi. Ushbu anjumanda O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipov tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va mamlakatimizdagi taʼlim qamrovini oshirish tajribasi aʼzo davlatlar diqqat markazida bo‘ldi.

Nashrda 2025-yilda O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda ShHTga aʼzo mamlakatlarning sohaviy tashkilotlari tomonidan xalqaro qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovi eʼlon qilingani urg‘ulangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan so‘nggi yillarning o‘zida 140 dan ortiq yosh tadqiqotchi va mutaxassislarning Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Hindistonning yetakchi ilmiy-taʼlim markazlarida ilmiy stajirovkalari tashkil etilgani qayd etiladi.

Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning yoshlari o‘rtasida “ShHTning 100 nafar kelajak innovatori” xalqaro tanlovi o‘tkazilganligi alohida taʼkidlash lozim.

“Infora News” elektron nashrida joylashtirilgan maqola “Birgalikda yaratilayotgan raqamli ekotizimlar, “yashil” ilm-fan tashabbuslari va yoshlar o‘rtasidagi samimiy akademik muloqot ShHT makonini global taraqqiyot va innovatsiyalarning qudratli dvigateliga aylantirishda hal qiluvchi o‘rin tutadi”, – degan so‘zlar bilan yakunlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish