O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiya parlamentlar, hukumatlar va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Avgust 14, 2026. 14:00 • 2 daq

175
O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiya parlamentlar, hukumatlar va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytiradi

NYU-YORK, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyaning qabul qilinishiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, mazkur hujjat milliy parlamentlarning ijtimoiy taraqqiyotni taʼminlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni amalga oshirish jarayonini kengaytirishga qaratilgan.

Bu hujjat BMT Bosh Assambleyasining parlament ishtiroki va BRMga oid avvalgi rezolyutsiyalariga tayangan holda ishlab chiqilgan. Rezolyutsiyada 2030-yilgacha bo‘lgan davr uchun barqaror rivojlanish kun tartibi, ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Kopengagen deklaratsiyasi alohida belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga, 2025-yilda ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi butunjahon sammitida qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasida ifodasini topgan majburiyatlar bayon etilgan.

Materialda qayd etilishicha, BMTning mazkur rezolyutsiyasida qashshoqlikka barham berish, barcha uchun to‘liq va samarali bandlik, munosib mehnatni taʼminlash hamda ijtimoiy integratsiyani rag‘batlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu maqsadlarga erishish uchun hamkorlikni kengaytirish, milliy institutlarni shakllantirish va ularning salohiyatini mustahkamlash lozim.

Shuningdek, hujjatda Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha komissiyaning sohadagi global majburiyatlari, jumladan, Doha sammiti natijalarini amalga oshirishni taʼminlashdagi roli ifodalangan.

Rezolyutsiya parlamentlarni BRMga erishishga qaratilgan milliy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishga chaqiradi. Ayollarning parlamentlar faoliyatida, xususan, rahbarlik lavozimlarida to‘liq ishtirokini taʼminlashga ham urg‘u berilgan.

O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan mazkur rezolyutsiya parlamentlar, hukumatlar va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash orqali demokratik boshqaruvni rivojlantirish, ijtimoiy rivojlanish sohasidagi global majburiyatlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish