Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi XXR OAV diqqat markazida

Avgust 16, 2026. 10:30 • 2 daq

221
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi XXR OAV diqqat markazida

PEKIN, 16 avgust. /“Dunyo” AA/. “Xitoy” jurnali Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining strategik ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, mazkur loyiha “asr qurilishi” hamda Yevroosiyoning yangi transport arxitekturasining asosiy unsurlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

Bu magistral Sharq va G‘arb o‘rtasidagi eng qisqa quruqlikdagi yo‘nalishlardan birini shakllantirib, Markaziy Osiyoning xalqaro savdodagi o‘rnini mustahkamlaydi. Temir yo‘lning loyihaviy quvvati yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkonini beradi.

Loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston uchun yirik tranzit markazi maqomini mustahkamlash hamda Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi. Jurnal maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalish Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharqqa yuk tashish masofasini taxminan 900 kilometrga, yetkazib berish muddatini esa 7–8 sutkaga qisqartiradi.

Shuningdek, maqolada loyihaning ahamiyati transport infratuzilmasi doirasidan ancha keng ekani taʼkidlangan. Temir yo‘l Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi va texnologik sheriklikni kengaytirish hamda yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun zamin yaratadi.

Nashr loyihaning siyosiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratgan. Jurnal fikricha, loyihaning hayotga tatbiq etilishi ishonch va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichga chiqqanini aks ettiradi hamda Markaziy Osiyoning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish