“Vecherniy Bishkek” gazetasi: SHHT doirasida ta’lim va innovatsiyalar inson kapitalini rivojlantirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi

Avgust 15, 2026. 15:30 • 2 daq

131
“Vecherniy Bishkek” gazetasi: SHHT doirasida ta’lim va innovatsiyalar inson kapitalini rivojlantirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi

BISHKEK, 15-avgust. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Vecherniy Bishkek” gazetasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy loyihalarni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik tobora kengayib, akademik mobillik, qo‘shma tadqiqotlar va tajriba almashinuvi mintaqaviy integratsiyaning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanayotgani ta’kidlangan. Bu jarayonda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) doirasidagi ko‘p tomonlama mexanizmlar alohida ahamiyat kasb etayotgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, Toshkentda o‘tkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida SHHTga a’zo davlatlar yoshlari o‘rtasida “SHHTning 100 nafar kelajak innovatsion yetakchisi” xalqaro tanlovi tashkil etilgani haqida so‘z yuritilgan.

Maqolada O‘zbekistonda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2025-yilda 250 nafardan ziyod yosh olim xorijiy ilmiy markazlarda stajirovka va amaliy tayyorgarlikdan o‘tgani, PhD va DSc dasturlari bo‘yicha 5 250 ta kvota ajratilgani, yoshlar texnoparklari dasturlari esa 50 mingdan ortiq yosh novatorni qamrab olgani qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Global innovatsiyalar indeksidagi mavqei mustahkamlanib, mamlakat 139 davlat orasida 79-o‘rinni egallagani keltirilgan.

Bundan tashqari materialda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan so‘nggi yillarda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Hindistonning yetakchi ilmiy-ta’lim markazlarida 140 nafardan ortiq yosh tadqiqotchi va mutaxassisning ilmiy stajirovkalari tashkil etilgani ta’kidlangan.

Muallifning qayd etishicha, ta’lim va ilm-fan sohasidagi integratsiyani chuqurlashtirish Markaziy Osiyo uchun uzoq muddatli strategik investitsiya bo‘lib, mintaqa mamlakatlarining raqobatbardoshligi, texnologik salohiyati va inson kapitalini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish