Kuvayt OAV: 2025-yildan Kuvayt fuqarolariga O‘zbekistonga bir oygacha vizasiz kirishga ruxsat berildi
Dekabr 02, 2025. 12:21 • 2 daq
• 95AL-KUVAYT, 2-dekabr. /“Dunyo” AA/. Al-Kuvayt shahrida mamalakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi hamda o‘zbek turkompaniya “Asialuxe Travel” hamkorligida o‘tkazilgan O‘zbekistonning turizm salohiyati va imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot marosimi Kuvayt OAVda keng yoritildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, ushbu taqdimot marosimi haqidagi materiallar Kuvaytning ingliz tilidagi “Times Kuwait” haftalik gazetasida, arab tilidagi “Al-Rai”, “Al-Jarida”, “An-Nahar”, “Al-Anba”, “Al-Qabas” nashrlarida hamda mahalliy taniqli blogerning internet tarmog‘idagi rasmiy sahifasida eʼlon qilingan.
“Times Kuwait” nashrida yozilgan maqolaga ko‘ra, Toshkent kuvaytlik sayyohlar uchun o‘z eshiklarini ochmoqda. Bunga turizm taqdimot marosimida yana bir bor amin bo‘ldik. 2025-yil iyun oyidan Kuvayt fuqarolariga bir oygacha vizasiz kirishga ruxsat berildi. Bu ajoyib imkoniyat. Bunday islohotlar ikki mamlakat o‘rtasida sayohatlarni osonlashtirish va turizmni rivojlantirishga qaratilgan qadam hisoblanadi.
O‘zbekistonda turizm yo‘nalishida kashf etish uchun turli imkoniyatlar mavjud. Shu bois O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi mintaqaning turli burchaklaridan tashrif buyuruvchilarni jalb qilish uchun o‘z taklif va dasturlarini takomillashtirishda davom etmoqda.
“Al-Rai” gazetasida yozilgan materialda “Jazeera Airways” aviakompaniyasi tijorat direktori Gonja Akjaning O‘zbekiston turizm imkoniyatlari haqida bildirgan fikrlari o‘rin olgan. U aviakompaniya qish mavsumida ham Namangan va Samarqandga muntazam ravishda haftasiga 3–4 ta reysni amalga oshirishini taʼkidlagan. 2021-yilda boshlangan aviareyslarning bandlik darajasi taxminan 80 foizga yetgan. O‘zbekiston o‘zining go‘zal tog‘li manzaralari, boy tarixi, halol taomlari, mehmondo‘stligi tufayli sayyohlar uchun qadrli joyga aylangan.
Shuningdek, eʼlon qilingan maqolalarda “Asialuxe Travel” turkompaniyasi direktori Timur Xo‘jayevning Kuvaytga tashrifi va taassurotlari, O‘zbekiston kompaniyalarining yildan-yilga Ko‘rfaz arab davlatlari bozorlarida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini olib borayotgani haqidagi fikrlari bayon etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda


