O‘zbekiston Prezidentining Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi ishtiroki Pokiston tahlil-markazlari e’tiborida
Iyun 20, 2026. 16:25 • 3 daq
• 50
ISLOMOBOD, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan Research Center for a Community with Shared Future” (PRCCSF) tahliliy markazi “Ishonch, texnologiya va inson kapitali: O‘zbekiston–Rossiya hamkorligi uchun yangi ustuvor yo‘nalishlar” sarlavhali tahliliy maqolani e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5-iyun kuni bo‘lib o‘tgan 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishidagi nutqining mazmun-mohiyati batafsil tahlil qilingan. Nashr avvalida qayd etilganidek, O‘zbekiston Rahbarining Sankt-Peterburg shahriga tashrifi O‘zbekiston-Rossiya strategik sherikligini rivojlantirish va Yevroosiyo uchun yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirishda muhim bosqich bo‘ldi.
“Jahon iqtisodiyotida chuqur tarkibiy o‘zgarishlar kechayotgan bir paytda mazkur forum nafaqat biznes muloqoti maydoni, balki savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, raqamli transformatsiya, ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va inson kapitalini rivojlantirish sohalarida amaliy yechimlar ishlab chiqiladigan platforma hisoblanadi. Forumning asosiy g‘oyasi – barqaror kelajak sari yo‘l sifatida pragmatik muloqot – Yangi O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy siyosatiga to‘la mos keladi”, – deyilgan materialda.
Bugungi kunda xalqaro hamkorlikdagi pragmatizm rasmiy bayonotlar bilan cheklanmaydi. U ishonch, o‘zaro manfaat va aniq natijalarga asoslangan konkret loyihalarni anglatadi. Mazkur yondashuv O‘zbekistonning Rossiya va boshqa strategik sheriklar bilan munosabatlarini tobora ko‘proq belgilab bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning forumdagi nutqi O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy hamkorlikka keng strategik nuqtai nazardan yondashayotganini namoyon etdi.
Bugungi dunyo tub o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ymoqda. Transport yo‘nalishlari o‘zgarmoqda, yangi ishlab chiqarish zanjirlari shakllanmoqda, raqamli platformalar, sun’iy intellekt, logistika, energetik xavfsizlik va texnologik suverenitetning ahamiyati ortib bormoqda.
Raqobat endilikda faqat resurslarga egalik qilish bilan emas, balki texnologiyalar, muhandislik yechimlari, malakali kadrlar va yuqori mehnat unumdorligini yaratish salohiyati bilan belgilanmoqda.
“Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston uchun Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etish alohida ahamiyatga ega. Mamlakat barqaror iqtisodiy o‘sishni namoyon etmoqda, tashqi savdoni kengaytirmoqda, eksport hajmini oshirmoqda va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlamoqda. Bu tendensiyalar milliy iqtisodiyotning tobora ochiq, raqobatbardosh va uzoq muddatli rivojlanishga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi. Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda”, – deb yozgan ekspert tahlilida.
Shu bilan birga, nashrda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining yangi bosqichi an’anaviy savdodan yana-da murakkab hamkorlik shakllariga o‘tishni talab etayotgani, bular sanoat kooperatsiyasi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik hamkorlik, qo‘shma muhandislik loyihalari va malakali mutaxassislar tayyorlashdan iboratligi ta’kidlangan.
Pokiston tahlil markazi, shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidentining Yevroosiyo texnologik industriallashtirish kamarini shakllantirish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etishini qayd etgan. Uning mohiyati –zamonaviy raqamli platforma asosida o‘zaro bog‘langan ishlab chiqarish va texnologik klasterlarni tashkil etishdir, deb ta’kidlangan.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning Peterburg xalqaro iqtisodiy forumiga ishtiroki O‘zbekiston–Rossiya hamkorligi yana-da yetuk va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini namoyon etdi. Savdo ko‘rsatkichlari hanuz muhim ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda, biroq iqtisodiy hamkorlikning sifati tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda: texnologik ittifoqlar, sanoat kooperatsiyasi, raqamli integratsiya, muhandislik ta’limi, kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar uchun amaliy manfaatlar shular jumlasidandir”, – deb yozilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi