“Reuters” AA: O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi boshlanmoqda

Iyun 19, 2026. 13:00 • 2 daq

212
“Reuters” AA: O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi boshlanmoqda

LONDON, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning nufuzli “Reuters” axborot agentligida Toshkentda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro investitsiya forumi yakunlari hamda unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslarga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Reuters”da yozilishicha, shiddat bilan rivojlanayotgan O‘zbekistonda iqtisodiy yangilanishlarning yangi bosqichi boshlanmoqda.

“Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan, teng huquqli va o‘zaro foydali sheriklikka tayyor investorlar uchun doimo ochiqmiz”, – deya davlatimiz rahbarining forumning ochilish marosimidagi nutqidan iqtibos keltirilgan nashrda.

Maqolada katta e’tibor mamlakatimizda ingliz umumiy huquqi asosida faoliyat yuritadigan erkin savdo hududi – Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilishi haqidagi bayonotga qaratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur markazda foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mulk solig‘i va bojxona to‘lovlari nol foiz darajasida belgilanishini e’lon qildi.

Bundan tashqari, kapitalning erkin harakatlanishi hamda istalgan valyutada to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati so‘zsiz kafolatlanishi, zamonaviy moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar va “yashil” moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi alohida urg‘ulangan.

Britaniya nashri O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ham yuqori baho bergan. Aholisi 40 million nafarga yaqinlashib borayotgan va mintaqada demografik ustunlikka ega bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yil yakunlariga ko‘ra 7,7 foizlik yuqori o‘sish sur’atini qayd etgan. Bunda mamlakatning yosh, faol aholisi va dunyo bozorida oltin narxining yuqoriligi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi asosiy drayverlar sifatida ko‘rsatilgan.

Maqola xotimasida O‘zbekistonning global moliya bozorlariga integratsiyalashuvi izchil davom etayotgani e’tirof etiladi. Xususan, joriy yilning may oyida London fond birjasida davlat kompaniyalarining minoritar ulushlari muvaffaqiyatli joylashtirilgani, bu esa mamlakat tarixidagi 2021-yildan keyingi eng yirik IPO (aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish) bo‘lgani ta’kidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish