Ukraina matbuoti: O‘zbekiston jahon sayyohlari eʼtibor markazida bo‘lmoqda
Iyul 01, 2026. 19:30 • 2 daq
• 18
KIYEV, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning “Glavkom” axborot agentligida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo dunyo sayyohlari uchun eng qiziqarli yo‘nalishlardan biri sifatida eʼtibor qozonmoqda. Ayniqsa, turistlar ommaviy turistik manzillardan ko‘ra, yangi taassurotlar, betakror muhit va madaniy merosga boy mamlakatlarni tanlashga intilishmoqda. Bu jarayonda mintaqa davlatlari orasida eng katta qiziqishni uyg‘otayotgan mamlakat — O‘zbekiston bo‘lmoqda.
2016-yildan keyin mamlakatda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Viza tartibining sezilarli darajada yengillashtirilishi, yangi mehmonxonalar qurilishi, yuqori tezlikdagi temir yo‘l tarmog‘ining kengayishi hamda xalqaro blogerlar va inflyuyenserlar ishtirokida mamlakatning turistik imkoniyatlari faol targ‘ib qilinishi O‘zbekistonning jahon turistik bozoridagi nufuzini oshirmoqda.
Nashrning taʼkidlashicha, amalga oshirilgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini ham ko‘rsatdi. Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu pandemiyadan oldingi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan 2019-yildagi 6,7 million nafarlik natijadan qariyb ikki baravar ko‘pdir.
Turizm sohasi vakillarining fikricha, ijtimoiy tarmoqlarning taʼsiri ortib borayotgani yoshlarni yangi va hali keng ommaga maʼlum bo‘lmagan yo‘nalishlarni izlashga undamoqda. Ana shunday tendensiya tufayli O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, milliy madaniyati, mehmondo‘stligi va boy gastronomik anʼanalari xalqaro sayyohlar uchun tobora jozibador manzilga aylanib bormoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun Yevroosiyo mintaqasining eng tez rivojlanayotgan turistik yo‘nalishlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Sohadagi islohotlar va xalqaro qiziqishning ortishi mamlakatning global turistik xaritadagi o‘rnini yana-da mustahkamlab, kelgusi yillarda ham sayyohlar oqimi o‘sishini taʼminlashi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi