Tokioda “Yaponiya – O‘zbekiston” assotsiatsiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Iyul 01, 2026. 18:00 • 2 daq

8
Tokioda “Yaponiya – O‘zbekiston” assotsiatsiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

TOKIO, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Tokio shahrida “Yaponiya – O‘zbekiston” assotsiatsiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Yaponiyaning vazirlik va idoralari, jamoat tashkilotlari, ilmiy va ishbilarmon doiralar vakillari, OAV xodimlari hamda ushbu kunchiqar yurtda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz qatnashdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamda birinchi “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani alohida eʼtirof etildi.

Joriy yilda Tokio, Nagoya, Osaka, Fukuoka, Narita kabi shaharlarda O‘zbekistonning turizm va investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan o‘nlab taqdimot va biznes forumlar o‘tkazildi. Maʼlum qilinishicha, 2025-yilning o‘zida O‘zbekistonga 32 mingga yaqin yapon sayyohi tashrif buyurgan.

Assotsiatsiya raisi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Fumihiko Kato tashkilot tomonidan yil davomida anʼanaviy yangi yil uchrashuvlari, madaniy dasturlar va milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari tashkil etilgani, “Assalomu alaykum” axborot byulleteni muntazam nashr etilayotganini qayd etdi.

Tadbirda iqtisodiy sohadagi o‘ziga xos loyihalar ham muhokama qilindi. 2023-yildan buyon Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan, yapon texnologiyasi asosida xurmo qoqi ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi haqida maʼlumot berildi. Ushbu tashabbus meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash va dehqonlar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar uchun anʼanaviy “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusida madaniy viktorina tashkil etilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

1998-yilda tashkil etilgan mazkur assotsiatsiya Yaponiyada “xalq diplomatiyasi” yo‘nalishidagi asosiy do‘stlik jamiyati hisoblanib, o‘z atrofida 300 ga yaqin taniqli siyosatchi, iqtisodchi, madaniyat arboblari va yuridik shaxslarni birlashtirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish