Qirg‘iz matbuotida O‘zbekistonning SHHT rivoji bo‘yicha yondashuvlari yoritildi

Iyun 30, 2026. 18:00 • 3 daq

53
Qirg‘iz matbuotida O‘zbekistonning SHHT rivoji bo‘yicha yondashuvlari yoritildi

BISHKEK, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. “Vecherniy Bishkek” nashrida O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayevning SHHT faoliyati va tashkilotning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan intervyusi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Saidikram Niyozxo‘jayevning taʼkidlashicha, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) bugungi kunda Yevroosiyodagi eng yirik va nufuzli xalqaro tuzilmalardan biriga aylanib bormoqda. Tashkilotning asosiy kuchi uning aʼzo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, teng huquqlilik va manfaatlarni hisobga olgan holdagi hamkorligidadir.

Elchining qayd etishicha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “SHHT kuchli bo‘lsa, har birimiz kuchlimiz” shiori bugun tashkilotning asosiy g‘oyalaridan biriga aylangan. Ushbu tamoyil har bir aʼzo davlatning barqaror taraqqiyoti butun tashkilotning mustahkamligiga xizmat qilishini anglatadi.

Bugungi kunda SHHT “oilasi” 27 ta davlatni birlashtirib, dunyo aholisining qariyb 40 foizi va jahon yalpi ichki mahsulotining chorak qismiga to‘g‘ri keladigan hududni qamrab olgan. Tashkilot xavfsizlik bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport, investitsiya, energetika, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratmoqda.

O‘zbekiston uchun SHHTga aʼzolik milliy manfaatlarni ilgari surish va mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashning muhim vositasi hisoblanadi. Mamlakat 2017-yildan buyon tashkilot doirasida faol tashabbuskor sifatida ishtirok etib, siyosat, iqtisodiyot, transport, logistika, innovatsiyalar va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan 100 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Ularning aksariyati amalga oshirilgan, qolganlari esa hayotga tatbiq etilmoqda.

O‘zbekiston SHHTning iqtisodiy yo‘nalishini ustuvor deb hisoblaydi. Xususan, transport yo‘laklarini rivojlantirish, elektron tijorat, sanoat kooperatsiyasi, raqamli platformalarni yaratish, shuningdek, SHHT Taraqqiyot bankini tashkil etish mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega.

Markaziy Osiyo ham tashkilot faoliyatida tobora muhim o‘rin egallamoqda. O‘zbekiston ushbu mintaqani SHHTning “yuragi” sifatida baholab, transport bog‘liqligi, savdo, chegara xavfsizligi, oziq-ovqat va energetika barqarorligi hamda Afg‘onistonda tinchlikni taʼminlash kabi masalalarda faol tashabbuslar bilan chiqmoqda.

Xususan, 2024-yilgi Ostona sammitida O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik tamoyillari to‘g‘risidagi deklaratsiya tashkilotda o‘zaro hurmat va hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Kelgusida SHHT doirasida savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, elektron tijorat dasturini qabul qilish va “SHHT–Invest” xalqaro investitsiya forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yadroviy xavfsizlik, kiberxavfsizlik, narkotiklarga qarshi kurash, energetik xavfsizlik va Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Elchining fikricha, 2026-yil sentyabrda Bishkek shahrida o‘tkaziladigan yubiley sammiti tashkilot faoliyatiga yangi surʼat bag‘ishlab, “Shanxay ruhi” – o‘zaro ishonch, tenglik va sheriklik tamoyillarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish