O‘zbekiston va Rossiya davlat boshqaruvi sohasida o‘zaro tajriba almashdi
Iyun 30, 2026. 19:50 • 2 daq
• 108
MOSKVA, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Rossiya Prezidenti yordamchisi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Ritm Yevrazii” nashriga tayanib.
Rossiya Prezidenti Administratsiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya Prezidenti yordamchisi Dmitriy Mironov hamda O‘zbekiston Prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda Rossiya Prezidentining Davlat xizmati, kadrlar va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari boshqarmasi boshlig‘i Maksim Travnikov hamda O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ham qatnashdi.
Uchrashuv doirasida Rossiya Prezidentining Davlat xizmati, kadrlar va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari boshqarmasi hamda O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida 2026-yil aprel oyida Toshkent shahrida imzolangan anglashuv memorandumini amalga oshirish yuzasidan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi imzolandi.
Tomonlar davlat xizmati tizimini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni yanada izchil rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi