O‘zbekiston va Italiya parlamentlari o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
Dekabr 08, 2025. 14:20 • 2 daq
• 240
RIM, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari va Italiya parlamentidagi o‘zaro do‘stlik guruhlari o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni yana-da mustahkamlash, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda do‘stlik guruhlari a’zolaridan tashkil topgan delegatsiyalar almashinuvini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, do‘stlik guruhi rahbari Rahim Xakimov mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar, strategik sheriklik munosabatlarining so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani hamda oliy darajadagi tashriflar sababli, ko‘p qirrali hamkorlik yana-da rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
E’tiborlisi, 2025-yilning o‘zida tashkil etilgan ikki davlat parlamentlarining yuqori darajadagi tashriflari mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini tobora mustahkamlamoqda.
“Italiya–Markaziy Osiyo” do‘stlik guruhi rahbari Fabritsio Bensoni do‘stlik ruhida o‘tkazilgan birinchi muloqotdan xursand bo‘lgani, O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan 2026-yilda yurtimizga Italiya parlamenti delegatsiyasi bilan tashrif buyurishidan mamnun ekanini ma’lum qildi.
Videokonferensiya davomida deputatlar do‘stlik guruhlari a’zolari bilan yaqindan tanishdi, parlamentlar faoliyati va ishlash tamoyillari hamda tajribasi to‘g‘risida fikr almashdi, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi