O‘zbekiston elchisi Ispaniyaning Almeriya provinsiya issiqxonalar tajribasini o‘rgandi
Aprel 02, 2026. 12:51 • 2 daq
• 39
ALMERIYA, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniyaning Andalusiya avtonom hududi Almeriya provinsiyasiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrifning asosiy maqsadi – Almeriyadagi zamonaviy issiqxona tajribasini o‘rganish va uni mamlakatimizning Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvlar davomida Vikar munitsipaliteti meri hamda qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Suhbat jarayonida issiqxona qurilishi, plyonka ishlab chiqarish, agronomiya, qadoqlash va eksport yo‘nalishlarida fikr-mulohaza almashildi.
Vikar munitsipaliteti meri Antonio Bonilla bilan muloqot jarayonida issiqxona sabzavotchiligini rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, qurg‘oqchil hududlarda resurslardan samarali foydalanish masalalarini muhokama qilindi.
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani va Vikar munitsipaliteti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi. Hududlar iqlim va sharoit jihatidan – qurg‘oqchil iqlim, suv tanqisligi, yuqori quyosh faolligi o‘xshash ekani taʼkidlandi.
Almeriyadagi yirik kompaniyalardan biri “Sevilla Torres” bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Maʼlumot uchun, ushbu kompaniya 2001-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda yirik issiqxona majmualarini qurish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya vakillari zamonaviy texnologiyalar asosida tabiiy ventilyatsiyali issiqxonalar, issiq iqlimga mos konstruksiyalar, passiv sovutish tizimlari, mavjud issiqxonalarni modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirayotganini maʼlum qildi
Muzokaralarda Surxondaryoda issiqxona klasterini tashkil etish, xarajatlarni kamaytirish va loyihalarni mahalliy iqlimga moslashtirish masalalari xususida fikr almashildi.
Shuningdek, elchi tashrif davomida Yevropadagi yirik polimer materiallar ishlab chiqaruvchi “Armando Álvarez Group” tarkibiga kiruvchi “Sotrafa” korxonasi, muhandislik-agronomiya yo‘nalishidagi “Future Farm Solutions”, qadoqlash texnologiyalari va eksport yechimlari bo‘yicha “Eurosol” kompaniyalari hamda “Coexphal” ishlab chiqaruvchilar uyushmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi