“UN Journal”: O‘zbekiston Prezidenti AQShda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif etildi

Avgust 27, 2026. 14:30 • 2 daq

107
“UN Journal”: O‘zbekiston Prezidenti AQShda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif etildi

SEUL, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “UN Journal” nashrida O‘zbekiston Prezidentining AQShning Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif etilgani haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning taʼkidlashicha, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida taʼlim, ilm-fan, investitsiyalar va texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Hozirgi kunda tomonlar sog‘liqni saqlash, “yashil” energetika, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.

Taʼlim sohasidagi hamkorlik ham kengayib bormoqda. “English Speaking Nation” dasturi doirasida minglab o‘zbek o‘qituvchilari kasbiy tayyorgarlikdan o‘tdi. “Fulbright” va “FLEX” dasturlari doirasidagi imkoniyatlar kengaytirildi. Universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik doirasida qo‘shma taʼlim dasturlari va ikki tomonlama diplomlar joriy etilmoqda.

Ilmiy sohadagi hamkorlik axborot texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energetika, agrotexnologiyalar va sotsiolingvistika yo‘nalishlarini qamrab olmoqda. Joriy yil iyul oyida O‘zbekiston delegatsiyasi “MIT”, “Stanford University” va “Harvard University”ga tashrif buyurdi. Delegatsiya “Coursera”, “Google”, “OpenAI” va “StartX Accelerator” vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Iqtisodiy hamkorlik doirasida sunʼiy intellekt, energetika va raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalar, Toshkentda yangi aviatsiya markazini barpo etish rejalari ilgari surilmoqda.

Maqolada qayd etishicha, G20 sammitida ishtirok etish O‘zbekistonga xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va global masalalar bo‘yicha muloqotlarda ishtirok etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish