O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik Pokiston OAV diqqat markazida
Sentabr 10, 2026. 14:30 • 2 daq
• 37
ISLOMOBOD, 10-senyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Urdu Report” nashrida “O‘zbekiston va Janubiy Koreya: investitsiyaviy sheriklikdan texnologik kooperatsiya sari” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston – Koreya Respublikasi munosabatlari rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgani taʼkidlangan. Muallifga ko‘ra, ilgari ularning asosini savdo, investitsiyalar va uskunalar yetkazib berish tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda asosiy eʼtibor sanoat va texnologik kooperatsiyani chuqurlashtirishga qaratilmoqda.
Janubiy Koreya xomashyo manbalarini diversifikatsiya qilish va taʼminot barqarorligini oshirishga intilmoqda. O‘zbekiston, o‘z navbatida, resurslarni chuqur qayta ishlash, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda mamlakatda yaratiladigan qo‘shilgan qiymatni oshirishdan manfaatdor.
“Investitsiyaviy hamkorlik ko‘lami ham sezilarli darajada kengaydi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Janubiy Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 10 milliard dollardan oshgan bo‘lib, shundan qariyb 8 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yillar davomida shakllangan investitsiyaviy baza qator yirik loyihalarda amaliy ifodasini topdi. Ularning eng muhimi qariyb 4 milliard dollarlik “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi bo‘lib, u ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi eng yirik investitsiya loyihasidir”, — deya qayd etilgan maqolada.
Avtomobilsozlik sanoati ham hamkorlikda muhim o‘rin tutadi. “ADM Jizzakh” zavodi “Kia Corporation” bilan sheriklikda kichik uzelli yig‘ish usuli asosida keng turdagi avtomobillarni ishlab chiqarmoqda. “UzAuto Components” tarmog‘iga kiruvchi korxonalarda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun konditsioner tizimlari, o‘rindiqlar, shtamplangan detallar va plastmassa qismlar kabi butlovchi buyumlar ishlab chiqarilmoqda.
Nashrning yozishicha, Seul shahrida Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi sammitini o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur format O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Yirik ichki bozor, salmoqli demografik salohiyat, boy resurs bazasi va rivojlanayotgan sanoat mamlakatning muhim ustunliklaridir.
“Ishlab chiqarish zanjirlarini izchil rivojlantirish, texnologiyalarni mahalliylashtirish va kadrlar tayyorlash O‘zbekiston–Janubiy Koreya hamkorligini Markaziy Osiyoda investitsiyaviy sheriklikdan sanoat va texnologik kooperatsiyaga o‘tishning yorqin namunalaridan biriga aylantirishi mumkin”, — deb yozgan muallif o‘z xulosasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi